Habib Oliveyraning Islom bilan jang manzili borasidagi ta’nalariga javob qaytardi
Sport
−
26 iyul 2022
16869Yengil vazn toifasida sobiq UFC chempioni Habib Nurmuhamedov rossiyalik Islom Maxachev va braziliyalik Charlz Oliveyra o‘rtasidagi jang haqida fikr bildirib, to‘qnashuv qayerda o‘tkazilishini UFC rahbariyati hal qilganini aytgan. U bu haqda “The Mike Finch Show” YouTube kanaliga bergan intervyusida so‘z ochgan.
“Charlz Oliveyra nima istayotganiga hech kimga ahamiyat bermaydi. Islom bunday qarorlarni qabul qilmaydi. Biz shunchaki jangchilarmiz. Islom UFC shartnomasiga imzo chekadi. UFC'ning qarorini tinglash kerak. Xuddi shu narsa Charlz Oliveyra uchun ham amal qiladi. Biz joy tanlamaymiz. UFC bizga joyni tayin qiladi va biz o‘sha yerga uchamiz. Farqi yo‘q. Agar UFC rahbariyati Islom va Charlz Braziliyada jang qilishini aytganida, biz Braziliyaga borgan bo‘lardik. Hech qanday muammo yo‘q. Ammo Abu-Dabi bizning hududimiz. Charlz buni tushunadi. Shuning uchun, u Abu-Dabida jang qilishdan qochishga harakat qildi, lekin bu ish bermadi.
Islom va Oliveyra jangiga 90 kun qoldi. MMA muxlisi sifatida shuni aytishim mumkinki, bu joriy yilning eng kutilgan to‘qnashuvidir. UFC hech qachon bunday “aqldan ozgan” g‘alabali jangchilarni ko‘rmagan. Ularning ikkisi ham ketma-ket o‘nta jangda g‘alaba qozongan. Bundan yaxshiroq natija Toni Fergyuson va menda bor edi. Ya’ni, Tonida 11 ta g‘alabali seriya bo‘lsa, men esa ketma-ket 12 jangda zafar quchgandim. Ammo ikkimizning to‘qnashuvimiz sodir bo‘lmadi”, degan sobiq UFC chempioni.
Avvalroq, Charlz Oliveyra Islom va Habibga Nyu-York yoki Las-Vegasda jang qilishni taklif qilgani va ulardan hech qanday javob olmagani haqida gapirgandi.
Ma’lumot uchun, braziliyalik Charlz Oliveyra va rossiyalik Islom Maxachev o‘rtasidagi vakant chempionlik uchun bahs joriy yilning 22 oktyabr kuni Abu-Dabidagi UFC 280 musobaqasi doirasida bo‘lib o‘tadi. Bu jang g‘olibi yengil vazn toifasida UFC chempioniga aylanadi.