Hokimlarning vakolati qisqarmoqda

Jamiyat

image
Hokimlar ayrim vakolatlaridan mahrum bo‘ldi north_east

Hokimlar ayrim vakolatlaridan mahrum bo‘ldi

Hokimlarning yerni tortib olish, yerga egalik qilish, ijara huquqini bekor qilish vakolatlarini cheklash taklif qilinyapti. Bu haqda “Mulkdorlar huquqlari va qonuniy manfaatlari kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida belgilangan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bugun, 21 avgust kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida deputatlar mazkur qonun loyhiasini birinchi o‘qishda muhokama qildi.

Parlament quyi palatasida joriy etilgan yangi amaliyotga muvofiq, parlamentda qonunchilik tashabbusi huquqidan foydalanayotgan sub’ekt vakili tegishli mazkur qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilish uchun ma’ruza bilan chiqib, uni konseptual jihatdan asoslab berdi hamda deputatlar oldida himoya qildi. Ushbu masala yuzasidan Oliy sud raisining o‘rinbosari Baxtiyor Isoqov so‘zga chiqdi.

Qonun loyihasida yer uchastkalarining hokimlar tomonidan olib qo‘yilishiga ta’qiq belgilash, yer uchastkasiga egalik qilish va undan foydalanish, shuningdek, yer uchastkasini ijaraga olish huquqini tugatish bo‘yicha vakolatlarini cheklash normalari o‘z aksini topmoqda.

Shuningdek, loyiha bilan yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish vakolati Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga berilyapti.

Korxonalarni (tashkilotlarni) davlat tasarrufidan chiqarish hamda mol-mulkni xususiylashtirish natijalarining qayta ko‘rib chiqilishi va bekor qilinishiga yo‘l qo‘yilmasligini nazarda tutuvchi normalar ham qonun loyihasiga kirtilishi nazarda tutilmoqda. Shu bilan birga “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi, “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Repspublikasi Qonunlari va Yer kodeksiga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.

Deputatlar ta’kidlashicha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi mulkdorlar huquqlarini, ularni mulk huquqidan asossiz ravishda mahrum etishdan himoya qiladi. Shuningdek, yer uchastkalari olib qo‘yilishi munosabati bilan mulkdorlarga yetkazilgan zararlarining o‘rni (shu jumladan davlat tomonidan) to‘liq qoplanishi, mulkdorlarning davlatga va uning organlariga bo‘lgan ishonchi ortishiga xizmat qiladi.

Qizg‘in muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

er hokim

Baholaganlar

294

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing