Hokimlar ayrim vakolatlaridan mahrum bo‘ldi
Jamiyat
−
09 iyul 2020
28986Hokimliklarning litsenziyalash va ruxsat berishga oid bir qancha vakolatlari boshqa davlat organlariga o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasi qabul qilindi.
Qarorga muvofiq:
• Chet tillarni o‘rganish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish faoliyatini litsenziyalash – Xalq ta’limi vazirligi va viloyat xalq ta’limi boshqarmalariga;
• Dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilishni litsenziyalash – Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining hududiy bo‘linmalariga;
• Rieltorlik faoliyatini litsenziyalash – Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy boshqarmalariga;
• Alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilishga ruxsat etuvchi maxsus guvohnomalar berish – tuman (shahar) soliq inspeksiyalariga.
Ayrim idoralararo kollegial organlar tugatildi yoki vakolatlari boshqa davlat organiga o‘tkazildi.
Jumladan,
• qishloq aholi punktlarini ichimlik suvi va tabiiy gaz bilan ta’minlash dasturini amalga oshirish bo‘yicha Respublika komissiyasi tugatildi;
• xorijiy tillarni o‘rganishni yanada rivojlantirish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash vakolatlari – Oliy va o‘rta maxsus ta’lim hamda Xalq ta’limi vazirliklariga;
• O‘zbekiston milliy avtomagistrali bo‘ylab yo‘l infratuzilmasi va servisi ob’ektlarining joylashtirilishini ko‘rib chiqish va kelishish Komissiyasi vakolatlari – Transport vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga;
• mahalliy nooziq-ovqat iste’mol tovarlari ko‘rgazmalari va yarmarkalarini o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mitaning vakolatlari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga o‘tkazildi.