Zelenskiy o‘ziga keladi yoki Ukrainaga yangi rahbar kerak bo‘ladi – Mayk Jonson
Olam
−
03 mart
8639Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy “o‘ziga kelishi” va “minnatdorlik bilan” muzokaralar stoliga qaytishi yoki boshqa birovga mamlakatni boshqarishiga ruxsat berishi kerak. Bu haqda AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson ma’lum qildi.
Jonsonning aytishicha, Ukraina rahbari Oq uyda bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida AQSH tomonidan Ukrainaga ko‘rsatilayotgan yordam uchun minnatdorlik bildirish o‘rniga AQSH Prezidenti bilan janjallashib qolgan va uning gapini bo‘lgan.
“Zelenskiyning Oq uyda qilgani biz uchun uning hali bunga tayyor emasligidan dalolat berdi va menimcha, bu juda katta umidsizlik”, dedi Jonson.
Spikerning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar muhokama qilgan tinchlik kelishuviga erishish uchun Zelenskiy “o‘ziga kelishi” va “minnatdorlik bilan” muzokaralar stoliga qaytishi yoki boshqa birovga mamlakatni boshqarishiga ruxsat berishi kerak.
Siyosatchining aytishicha, AQSH va Ukraina o‘rtasidagi noyob yer metallari bo‘yicha kelishuv xavfsizlik kafolatlarini o‘z ichiga oladi va agar imzolansa, shartnoma Ukraina uchun “ma’lum darajadagi xavfsizlik”ni ta’minlaydi.
Jonsonning aytishicha, kelishuv imzolangandan so‘ng Ukraina AQSH bilan iqtisodiy hamkorlikka kirishadi, Vashington esa har doim o‘z manfaatlari va sarmoyalarini himoya qiladi.
“Rossiya, Xitoy, Eron va Shimoliy Koreya bu haqda biladi. Bu biz uchun juda muhim xabar”, deya qo‘shimcha qildi ma’ruzachi.
Oq uydagi janjal
28 fevral kuni Oval kabinetda AQSH Prezidenti Donald Tramp va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘rtasidagi muzokaralar keskin muhitda o‘tdi. Uchrashuvdan so‘ng rejalashtirilgan qo‘shma matbuot anjumani bekor qilindi va Zelenskiy Oq uyni tark etdi.
Manbalarga ko‘ra, suhbat chog‘ida Tramp Ukraina yetakchisining pozitsiyasini tanqid qilgan, Zelenskiy esa AQSHdan keyingi yordamga umid bildirgan. Bir qator masalalar muhokama qilinganiga qaramay, ikki davlat o‘rtasida nodir yer metallari bo‘yicha kelishuv imzolanmadi.
Muzokaralardan so‘ng Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida uchrashuv haqida izoh berib, Zelenskiy “hali tinchlikka tayyor emasligini” aytdi.
O‘z navbatida, Ukraina Prezidenti “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida Trampdan kechirim so‘rashi mumkinligi haqidagi savolga javob berar ekan, bunga hech qanday sabab ko‘rmayotganini ta’kidladi.
Uchrashuvga Yevropa yetakchilaridan ham munosabat bildirildi, ularning ko‘pchiligi Ukrainani qo‘llab-quvvatladi.
LiveBarchasi