Yevropa xavotirda: YeI Rossiyadan o‘lat bo‘yicha ishonchli ma’lumot so‘radi

Olam

−

image

Yevrokomissiya Rossiyani Sibirdagi laboratoriyada sodir bo‘lgan voqea bo‘yicha ishonchli epidemiologik va mikrobiologik ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan shaffof hisobotlarni taqdim etishga chaqirdi. Bu haqda kecha, 7 oktyabr kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan brifingda Yevrokomissiyaning rasmiy vakili ma’lum qildi.

Yevrokomissiya Irkutsk o‘latga qarshi instituti xodimi Darya Shipilovaning to‘satdan vafot etishi va ushbu hodisani keltirib chiqargan Rossiyada o‘pka o‘latining ehtimoliy avj olishidan xavotirlar fonida Moskvani “yaqin orada Sibirdagi laboratoriyada sodir bo‘lgan voqea bo‘yicha shaffof hisobotlar berishga” chaqirdi. Shuningdek, ishonchli epidemiologik va mikrobiologik ma’lumotlarni taqdim etishni so‘radi.

JSST Rossiya sog‘liqni saqlash organlari bilan aloqada bo‘lib turganini ma’lum qildi. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya tomoni so‘nggi vaqtlarda Irkutsk viloyatida o‘lat holatlari qayd etilmaganini bildirgan. Marhuma bilan muloqotda bo‘lganlar tekshiruvdan o‘tkazilgan va tibbiy nazoratga olingan. Bunda ularda xavfli patogenlar aniqlanmagan. JSST og‘ir pnevmoniya sabablari haqida qo‘shimcha ma’lumot so‘ragan va alohida kelib chiqishi aniqlanmagan pnevmoniyaga chalingan ikkinchi xodim haqidagi xabarlarga izoh berishni so‘ragan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 2 oktyabrga o‘tar kechasi Shelexov tuman shifoxonasida o‘latga qarshi institutda ishlagan 28 yoshli Darya Shipilova vafot etgandi. OAV uning o‘limini o‘pka o‘lati bilan zararlanishga bog‘ladi. 1 oktyabr kuni shifoxonaning bir nechta bo‘limlarida bemorlarni qabul qilish va chiqarish to‘xtatildi. Ayol bilan muloqotda bo‘lgan 197 kishi tibbiy nazoratga olindi.

4 oktyabr kuni Rospotrebnadzor xodimda noaniq etiologiyali pnevmoniya – kelib chiqishi aniqlanmagan o‘pka yallig‘lanishi bo‘lganini ma’lum qildi. Idora ma’lumotlariga ko‘ra, uning tahlillarida kasbiy faoliyati bilan bog‘liq mikroorganizmlar topilmagan. Ayol bilan muloqotda bo‘lganlarda COVID-19 va rinovirus infeksiyasining ikkitadan holati aniqlangan. Boshqa qo‘zg‘atuvchilar topilmagan.

6 oktyabr kuni Shelexov tumani rahbari o‘rinbosari Yelena Sofina “xavfli tashxis” tasdiqlanmaganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ehtiyot chorasi sifatida karantinga joylashtirilgan odamlarning 60 foizi allaqachon qo‘yib yuborilgan. Mahalliy OAV avvaliga cheklovlar 200 ga yaqin kishiga ta’sir qilganini xabar qilgan edi.

Irkutsk viloyatidagi o‘lat haqidagi xabarlar fonida Markaziy Osiyo mamlakatlari chegarada sanitariya nazoratini kuchaytirishni boshladi. Rossiya bilan quruqlikdagi chegarasiga ega bo‘lmagan O‘zbekiston hukumati bunday choralarni 3 oktyabr kuni joriy etdi. So‘ngra Qozog‘iston va Qirg‘iziston ham kuchaytirilgan sanitariya-karantin nazoratini o‘rnatdi. O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov mamlakatda o‘lat kasalligi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat barqaror ekanini va xavotirlanishga hech qanday asos yo‘qligini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing