Yevropa bo‘ylab suv toshqinlari davom etmoqda. 22 kishi halok bo‘lgan (video)
Olam
−
18 Sentabr
3466Markaziy Yevropaga urilgan kuchli “Boris” to‘foni Italiyaga ham yetib bormoqda. Shu sababdan mamlakatning ko‘p qismida kuchli yomg‘ir, shamol va suv toshqinlari haqida ogohlantirishlar e’lon qilingan. Bu haqda BBC xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Italiyaning markazida joylashgan Peskara shahrida allaqachon suv toshqinlari boshlangan. Mamlakat meteorologiya xizmati Emiliya-Romanya shimoliy qirg‘oqlaridan uzoq janubgacha bo‘lgan hududni ekstremal ob-havo sharoitidan ogohlantirgan.
Italiyada Milliy Fuqaro muhofazasi xizmati ham 50 ga yaqin hududda bo‘ronlar, ko‘chkilar va suv toshqinlari xavfi haqida ogohlantiruvchi sariq ogohlantirish e’lon qilgan.
BBC ob-havo prognozlariga ko‘ra, Emiliya-Romanya (Italiya shimolida) va Marke (mamlakatning markaziy qismi) hududlari eng zaif hisoblanadi. Yaqin uch kunning o‘zida hududda bir yoki ikki oylik yog‘ingarchilik bo‘lishi mumkin va suv toshqini ehtimoli haqida jiddiy xavotirlar mavjud.
Ma’lumot uchun, to‘fon oqibatida, shu hafta Polsha, Chexiya, Ruminiya va Avstriyaning ayrim hududlarida suv toshqinlari vayronagarchiliklar keltirib chiqargan va kamida 21 kishi halok bo‘lgan. Xorvatiya, Vengriya va Slovakiya hukumatlari ham suv toshqini xavfidan ogohlantirmoqda.
Polsha janubidagi aholiga yordam berish uchun 5 mingdan ortiq askar safarbar qilingan va mamlakatning Nisa shahridan 40 mingga yaqin odam xavfsiz hududga ko‘chirilgan. Mamlakat janubi-g‘arbida joylashgan Gluxolazi shahrida daryo qirg‘oqlaridan toshib, ko‘prik qulab tushgan va ko‘plab ko‘chalar qalin loy bilan qoplangan. Polsha politsiyasi kamida olti kishi halok bo‘lganini tasdiqladi.
Eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlar Chexiya-Polsha chegarasi sifatida qayd qilingan. Chexiyada 15 ming kishi xavfsiz joyga ko‘chirilgan. Mahalliy “Člověk v tísn” nodavlat tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bu Chexiyada so‘nggi 27 yil ichida kuzatilgan eng kuchli suv toshqini bo‘ldi. Mamlakatda eng ko‘p jabr ko‘rgan shaharlardan biri Ostrava bo‘lib, kecha, 17 sentyabr kuni kuchli yomg‘irdan keyin Odra daryosi o‘z qirg‘oqlaridan toshib ketgan.
Yevropaning boshqa davlatlari – Slovakiya va Vengriyadagi Dunay daryosidagi suv sathi jadallik bilan ko‘tarilishda davom etmoqda. Mamlakatlar poytaxtlari Bratislava va Budapesht suv toshqiniga tayyorlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Polsha Bosh vaziri Donald Tusk mamlakat janubidagi suv toshqinlari tufayli tabiiy ofat rejimini e’lon qilgan edi.
LiveBarchasi