Yaqin Sharqdagi yangi uchlik: Turkiya, Saudiya va Pokiston mudofaa ittifoqini tuzmoqda

Olam

image

Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anning Saudiya Arabistoniga kutilmagan ishchi tashrifi sababiga oydinlik kiritildi. Unga ko‘ra, bugun, 7 avgust kuni Turkiya, Saudiya Arabistoni va Pokiston Jidda shahrida qo‘shma mudofaa kelishuvini imzolashi kutilmoqda. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, kelishuv mintaqadagi xavfsizlik va harbiy hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan. Saudiya manbalari bu masala anchadan beri muhokama qilinganini, mintaqadagi so‘nggi voqealar esa jarayonni tezlashtirganini bildirgan.

Mintaqadagi xavfsizlik muammolari va harbiy keskinlik kuchayib borayotgan bir paytda Turkiya, Saudiya Arabistoni va Pokiston tarixiy mudofaa kelishuvini imzolashga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Saudiya Arabistoni valiyahd shahzodasi Muhammad bin Salmon va Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif bilan birga Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham Saudiya Arabistonining Jidda shahrida bo‘lib, ushbu kelishuvni rasman imzolashi kutilmoqda.

Saudiya Arabistoni armiyasi va hukumatiga yaqin manbalarning nashrga ma’lum qilishicha, uch davlat o‘rtasidagi qo‘shma mudofaa kelishuvi bugun, 7 avgust kuni Jiddada imzolanishi rejalashtirilgan. Qayd etilishicha, uzoq vaqtdan beri muhokama qilib kelingan strategik ittifoq Fors ko‘rfazi hududida AQSH va Eron o‘rtasidagi urushga bog‘liq keskinlik ortganidan so‘ng jadallashgan.

Ushbu inqiroz Hormuz bo‘g‘ozi va Qizil dengizdagi qatnovlarga jiddiy ta’sir ko‘rsatib, mintaqaviy xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni tezlashtirish zaruratini oshirgan.

Jarayon haqida ma’lumotga ega bo‘lgan, ismini oshkor qilmagan amaldorning aytishicha, kelishuv uzoq vaqt davomida muhokama qilingan, biroq mintaqadagi so‘nggi voqealar jarayonni tezlashtirgan. Saudiya Arabistoni hukumatiga yaqin yana bir manba ham kelishuvni imzolash marosimi bugun bo‘lib o‘tishini tasdiqlagan.

Tarixiy kelishuv bo‘yicha muzokaralar Saudiya Arabistonining Qizil dengiz sohilidagi Jidda shahrida valiyahd shahzoda Muhammad bin Salmon raisligida o‘tkazilmoqda. Pokiston delegatsiyasi Bosh vazir Shahboz Sharif va armiya shtabi boshlig‘i Osim Munir boshchiligida kecha, 6 avgust kuni Saudiya Arabistoniga tashrif buyurgan. Tashrif ertaga, 8 avgust kunigacha davom etadi.

Pokiston Tashqi ishlar vazirligi vakili Tohir Andrabiy joriy yilning 6–8 avgust kunlariga mo‘ljallangan tashrifni izohlar ekan, u Fors ko‘rfazidagi keskinlik kuchaygan davrga to‘g‘ri kelayotgan bo‘lsa-da, tashrifning ahamiyati joriy inqiroz va qisqa muddatli baholardan ancha keng ekanini ta’kidlagan.

Turkiya Prezidenti ma’muriyatidagi manbalarga ko‘ra, Erdo‘g‘an ham bugun Jiddaga borib, sammitda shaxsan ishtirok etishi kutilmoqda.

Qayd etilishicha, uch davlat o‘rtasida shakllantirilayotgan strategik ittifoq mintaqadagi mavjud diplomatik tashabbuslar bilan ham mustahkamlanmoqda. Sammit ishtirokchilaridan biri bo‘lgan Turkiya G‘azodagi urushni to‘xtatishga qaratilgan mintaqaviy muzokaralarda faol diplomatik rol o‘ynaydi. Islom dunyosida yadro quroliga ega yagona davlat bo‘lgan Pokiston esa AQSH va Eron o‘rtasidagi urushni to‘xtatishga qaratilgan vositachilik faoliyatini olib bormoqda.

Kelishuvga mezbonlik qilayotgan Saudiya Arabistoni ham Yaqin Sharq va Fors ko‘rfazi xavfsizligi masalalarining markazida turibdi va ushbu strategik ittifoqning muhim qismlaridan biri hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, Saudiya Arabistoni va Pokiston 2025 yilda ham qo‘shma mudofaa kelishuvini imzolagan. Pokistonning yadro quroliga egaligi sababli ushbu kelishuv xalqaro OAVda katta rezonansga sabab bo‘lganligi qayd etilgan. Nashrga ko‘ra, endilikda Turkiyaning ham ushbu jarayonga qo‘shilishi mintaqadagi kuchlar nisbati va xavfsizlik tizimiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing