Wildberries yana yonmoqda: Ukraina bu safar Sankt-Peterburgdagi omborlarni bombaladi (video)
Olam
−
24 iyul 4973 3 daqiqa
Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri va Leningrad viloyatidagi yana ikkita Wildberries logistika markaziga hujum uyushtirildi, shuningdek, Kirov shahrida Rossiya armiyasi uchun zenit raketalari ishlab chiqaradigan “Avitek” zavodi ham zarbaga uchradi. Bu haqda Wildberries matbuot xizmati hamda mahalliy rasmiylar xabar berdi.
Wildberries matbuot xizmati va Leningrad viloyati hokimiyatining ma’lum qilishicha, Sankt-Peterburgning Shushari posyolkasi hamda Utkina Zavod sanoat hududida joylashgan kompaniyaning logistika markazlariga hujum qilingan. Leningrad viloyati gubernatori Aleksandr Drozdenkoning bildirishicha, Sankt-Peterburg yaqinidagi omborda uch kishi o‘rtacha og‘irlikda jarohat olgan. Hujumdan keyin Wildberries'ning ikki logistika markazi faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.
Manbalarning qayd etishicha, Shusharidagi logistika markazi Wildberries'ning Rossiya shimoli-g‘arbidagi eng yirik logistika xablaridan biri hisoblanadi. U 2024 yildagi yirik yong‘inda deyarli butunlay vayron bo‘lgan, keyinchalik qayta tiklanib, 2025 yilda yana foydalanishga topshirilgan.
Kompaniya matbuot xizmati, shuningdek, anneksiya qilingan Simferopoldagi yana bir saralash markazi xavfsizlik talablariga muvofiq evakuatsiya qilinganini ma’lum qilgan. Hujumlar ortidan Sankt-Peterburgdagi Pulkovo aeroportida 50 ga yaqin reys kechikkan. Aeroport matbuot xizmati jadvalni tiklash uchun kuchaytirilgan tartibda ish olib borilayotganini bildirgan.
Telegram manbalari tarqatgan keyingi kadrlarda Shushari posyolkasidagi Wildberries logistika majmuasi kuchli yong‘in ichida ekani ko‘ringan. Nashrning qo‘shimcha tahliliga ko‘ra, Utkina Zavod sanoat hududida kamida 3 ta alohida bino yongan. Ular orasida Wildberries ombori, nomi ochiqlanmagan omborxona hamda “Petrovich” kompaniyasining taqsimlash markazi bor.
Wildberries matbuot xizmati keyinchalik Shushari va Utkina Zavoddagi logistika markazlari ishi vaqtincha to‘xtatilganini rasman tasdiqlagan.
Shu bilan birga, OSINT tahliliga ko‘ra, Kirov shahridagi “Avitek” Vyatka mashinasozlik korxonasi” aksiyadorlik jamiyati ham hujumga uchragan. Qayd etilishicha, korxona Rossiya rasmiy manbalariga binoan ikki maqsadli harbiy fuqarolik mahsulotlari, jumladan havo hujumidan mudofaa vositalari, aviatsiya butlovchi qismlari, uchuvchilarni qutqarish uchun katapulta kreslolari, aviatsiya yuk ko‘tarish tizimlari va boshqa aviatsiya uskunalarini ishlab chiqaradi.
Rossiya Mashinasozlar uyushmasining ma’lumotiga ko‘ra, korxona quyish va temirchilik-press ishlab chiqarishidan tortib, mahsulotlarni yakuniy yig‘ish va sinovdan o‘tkazishgacha bo‘lgan to‘liq ishlab chiqarish sikliga ega. Ukraina Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasining War & Sanctions loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, zavod asosan “yer–havo” toifasidagi boshqariladigan zenit raketalari, nishon-raketalar, katapulta kreslolari va aviatsiya yuk ko‘tarish tizimlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan hamda “Tor” zenit-raketa majmualarini ishlab chiqarish kooperatsiyasida ishtirok etadi.
Ma’lumot uchun, “Avitek” AQSH, Ukraina va boshqa bir qator davlatlarning sanksiyalari ostida hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, Ukraina Wildberries’ning kamida to‘rtta omboriga hujum qilgandi. 19 iyul kuni Moskva va Tambov viloyatlari logistika markazlari, 22 iyul kuni esa Krasnodar va Stavropoldagi omborlar zarbaga uchragandi.
Kecha, 23 iyul kuni ertalab Voronej viloyatidagi Wildberries omboriga hujum qilingan, biroq keyinroq bu xabarlar o‘z tasdig‘ini topmagandi. Hujumlar qurbonlari umumiy hisobda to‘qqiz kishini tashkil etgan, bir necha o‘nlab kishilar jarohatlangandi.
Live
Barchasi