O‘zbekistonliklarning ijtimoiy tarmoqlarga qancha vaqt sarflashi o‘rganildi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda maxsus so‘rovnomada qatnashgan aholining 88,9 foizi Telegram’dan, 73,5 foizi Instagram’dan, 61,8 foizi esa YouTube’dan foydalanishi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda “Yuksalish” harakatining “Opinions” sotsiologik tadqiqotlar markazi Ijtimoiy va iqtisodiy tashabbuslar instituti bilan hamkorlikda o‘tkazgan tadqiqotda keltirilgan.

Qayd etilishicha, “Ijtimoiy tarmoqlar davrida hayot” mavzusida so‘rov o‘tkazilgan. Unda O‘zbekistonning 14 ta hududidan 1 371 nafar respondent ishtirok etgan. So‘rovda qatnashganlarning 88,9 foizi Telegram’dan foydalanishini bildirgan. Bu 1 219 nafar respondentni tashkil etadi. Instagram’dan foydalanadiganlar 73,5 foiz, YouTube’dan foydalanuvchilar 61,8 foiz bo‘lgan. Facebook’dan foydalanishini bildirganlar esa 24,7 foizni tashkil etgan.

Respondentlarning aksariyati ijtimoiy tarmoqlardan avvalo yaqinlari bilan muloqot qilish uchun foydalanadi. 69,9 foiz do‘stlari va oila a’zolari bilan aloqa qilishni, 64 foiz yangiliklarni kuzatishni maqsad qilgan.

Shuningdek, 43,8 foiz ta’lim olish, 42,2 foiz ko‘ngilochar kontent ko‘rish, 40,6 foiz esa daromad topish yoki kasbiy maqsadlarda foydalanishini bildirgan. Ushbu savolda bir nechta javobni tanlash imkoniyati berilgan.

Ish yoki o‘qish kunlarida respondentlarning 37,3 foizi ijtimoiy tarmoqlarda kuniga 2 soatdan ko‘proq vaqt o‘tkazishini aytgan. 12,4 foiz esa kuniga 4 soatdan ortiq vaqtini ijtimoiy tarmoqlarga sarflaydi. Dam olish kunlarida 4 soatdan ko‘proq vaqt sarflaydiganlar ulushi 19,7 foizga yetgan.

Respondentlarning 57 foizi ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazayotgan vaqtini me’yorida deb hisoblagan bo‘lsa, 33,4 foizi ularda keragidan ko‘proq qolib ketayotganini tan olgan.

Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish vaqtini kamaytirishga uringanlarning 61 foizi bunga erishgan. 23,9 foiz respondent esa vaqtini qisqartira olmagan. 28 foiz ishtirokchi esa bunday ehtiyoj sezmasligini bildirgan.

So‘rov ishtirokchilarining 62,2 foizi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish uyqusiga ta’sir qilishini bildirgan. 18 yosh va undan kattalarning 58,1 foizi ijtimoiy tarmoqlar ish yoki kundalik vazifalariga xalaqit berishini qayd etgan.

Bu ta’sir o‘smirlar orasida yanada yuqori ko‘rsatkichda qayd etilgan. 13–17 yoshli respondentlarning 74,4 foizi ijtimoiy tarmoqlar uyqusiga ta’sir qilishini bildirgan. Ularning qariyb to‘rtdan uch qismi esa ijtimoiy tarmoqlar o‘qish yoki uy vazifalariga xalaqit berishini aytgan.

O‘smirlarning 66,7 foizi ota-onasi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini doimiy nazorat qilishini bildirgan. 28,2 foiz ota-onasi ba’zan nazorat qilishini, 5,1 foiz esa umuman nazorat qilinmasligini qayd etgan.

Tadqiqotda ijtimoiy tarmoqlarga ko‘p vaqt ajratish faqat o‘quvchi va talabalar orasida uchramasligi ham ko‘ringan. Kuniga 2 soatdan ortiq vaqt sarflaydiganlar ulushi nafaqadagilar orasida 54 foiz, uy-ro‘zg‘or ishlari bilan band respondentlarda 43,7 foizni tashkil etgan.

Maktab o‘quvchilarining 27,3 foizi, talabalarning esa 32,7 foizi ijtimoiy tarmoqlarda kuniga 2 soatdan ortiq vaqt o‘tkazishini bildirgan. Respondentlarning 30,1 foizi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda eng katta muammo sifatida ortiqcha vaqt sarflashni ko‘rsatgan. 18,6 foiz soxta yoki ishonchsiz axborotdan, 13,2 foiz esa firibgarlik va shaxsiy ma’lumotlarning tarqalishidan xavotir bildirgan.

Bundan tashqari, 6,9 foiz respondent uyqu va salomatlikka ta’sirni, yana 6,9 foiz oila a’zolari o‘rtasidagi muloqotning kamayishini muammo sifatida ko‘rsatgan. 4,2 foiz esa haqorat va tazyiqni qayd etgan. 8,5 foiz respondent esa ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda hech qanday muammo ko‘rmasligini bildirgan.

“Yuksalish” harakati tadqiqot natijalariga asoslanib, ijtimoiy tarmoqlardan ongli, xavfsiz va me’yorida foydalanish bo‘yicha tushuntirish ishlarini kuchaytirishni tavsiya qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 10 yosh va undan katta aholining 97,3 foizi internetdan foydalanayotgani ma’lum bo‘lgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing