O‘zbekistonda mahallalarning energetik pasporti yaratiladi – Sherzod Xo‘jayev (video)
Jamiyat
−
07 avgust 3149 3 daqiqa
O‘zbekistonda mahallalarning energetik pasporti yaratiladi va elektr energiyasi hamda tabiiy gaz yetkazib beruvchi kompaniyalar va iste’molchilar o‘rtasidagi muloqot yangi bosqichga olib chiqiladi. Bu haqda kecha, 6 avgust kuni Energetika vaziri Sherzod Xo‘jayev Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan yig‘ilishdan so‘ng “Axborot 24” dasturiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning bildirishicha, yig‘ilishda energetika yo‘nalishida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ustuvor vazifalar bo‘yicha taqdimot qilingan. Prezident tomonidan bir qator vazifalar belgilangan.
“Shulardan eng ustuvorlari bu – ishlarni “mahallabay” tashkil etish, har bir mahallaning energetik pasportini shakllantirish, ya’ni mahallada nechta iste’molchi bor, iste’molchilarning toifalari qanaqa, mahallaga kirib kelgan elektr energiyasi, tabiiy gaz infrastrukturasi qanday, holati qanaqa, uni ta’mirlash, modernizatsiya qilish bo‘yicha qancha mablag‘ talab etiladi, qancha vaqt talab etiladi, yangi iste’molchilarni ulash uchun qancha imkoniyatimiz bor, agar bu imkoniyatlar yetarli bo‘lmasa, infrastrukturani qanday kuchaytirishimiz, kengaytirishimiz kerak, shu kabi ma’lumotlarning hammasini o‘zida mujassam qilgan har bir mahallaning energetik pasportini shakllantirishimiz kerak”, deydi Energetika vaziri.
Shuningdek, vazirga ko‘ra, energetika sohasidagi elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib beruvchi kompaniyalar va iste’molchilar o‘rtasidagi muloqotni yangi bosqichga olib chiqish kerak. Chunki, tadbirkor va aholidan kelib tushayotgan murojaatlarni qayta ishlash, ularga javob berish bugungi davr talablariga to‘g‘ri kelmaydi.
“Onlayn platformalarni ishga tushirish, axborot tizimlari, billing tizimlari bilan bog‘lash, ya’ni har bir iste’molchi, xoh tadbirkor bo‘lsin, xoh aholi bo‘lsin o‘zi xohlagan vaqtda mobil ilova orqali o‘zining qarzdorligi yoki boshqa ma’lumotlarni olish imkoniyatiga ega bo‘lsin. Hozir ham bor, lekin yetarli darajada qulay emas”, deydi Sherzod Xo‘jayev.
Bundan tashqari, vazirning aytishicha, ta’minotida uzilish bo‘ladigan bo‘lsa, faqat koll-markazlariga qo‘ng‘iroq qilib, navbat kutmasdan mobil ilova orqali ta’minotdagi uzilish haqida xabar berish yo‘lga qo‘yilishi kerak.
“Albatta, barcha mijozlar ham mobil ilovadan foydalana olmaydi. Shuning uchun koll-markazlarining faoliyatini ham tubdan qayta ko‘rib chiqib, sonini ko‘paytirish va javob berishda ham sifat jihatdan, ham vaqt jihatdan yangi bir yaxshiroq ko‘rsatkichlarga erishishimiz kerak”, deydi vazir.
Shu bilan birga, tabiiy gaz va elektr energiyasini yetkazib berishdagi yo‘qotishlarni hamda qarzdorliklarni keskin qisqartirish masalasi ko‘tarilgan.
“Tannarxni pasaytirish, albatta, raqobat muhitini yaratish orqali ham amalga oshiriladi, ya’ni sohaga bozor mexanizmlarini jalb etishni jadallashtirish, kuchaytirish. Birinchi navbatda, suyultirilgan gazning erkin bozorini yaratish bo‘yicha topshiriq berildi. Ya’ni tadbirkorlar tomonidan chetdan import olib kelinadigan suyultirilgan gazni aholiga, tadbirkorlik sub’ektlariga sotish jarayonlarini soddalashtirish, ularga qo‘shimcha qulayliklar yaratish va shu bilan birga xavfsizlik normalariga rioya etishlarini, har xil avariyalar bo‘lishini oldini olish maqsadida amaldagi texnik reglamentlarni qayta ko‘rib chiqish topshirig‘i berildi”, deydi Sherzod Xo‘jayev.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Energetika vazirligiga tarmoqda yagona va samarali boshqaruv tizimini shakllantirish, soha korxonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida amalga oshirish va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini tizimli tashkil etish vazifalarini yuklagani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi