Kurs UZS

USD

12 953.20

15.09

EUR

14 058.11

-18.55

RUB

151.13

1.14

O‘zbekistonda bojxona kuzatuvida sun’iy intellektdan foydalaniladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda bojxona kuzatuvida sun’iy intellektni qo‘llash uchun Jahon banki mutaxassislari ko‘magida “xavf tizimi” takomillashtiriladi. Bu haqda bugun, 24 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan bojxona faoliyatini takomillashtirish va raqamlashtirishga oid taqdimotda so‘z boradi.

Qayd etilishicha, mintaqaviy va xalqaro iqtisodiy aloqalarni yaxshilash maqsadida bu sohada ko‘p ishlar qilingan. O‘nga yaqin davlatlar bilan oldindan axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan, bojxona rasmiylashtiruvi va ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari tashkil etilgan. 4 ta yirik bojxona postida terminallar qurilgan, 20 dan ziyodi yangi uskunalar bilan ta’minlangan. Tadbirkorlar uchun 35 ta axborot tizimi joriy qilinib, eksport jarayonlari 9 bosqichdan 3 bosqichga tushgan.

Bularning natijasida chegara orqali transportlar harakati 8 barobar ko‘payib, qariyb 5 milliontaga yetgan. Byudjetga tushumlar 9 barobar o‘sib, o‘tgan yili 63 trillion so‘mdan oshdi. Yuklarni rasmiylashtirish vaqti importda 3 soat, eksportda 20 daqiqagacha qisqargan.

“Umuman, tizim soddalashtirilishi orqali 6 mingga yaqin eksportyor hamda 20 mingga yaqin importyorning sarf-xarajati va vaqti tejalgan. Xalqaro logistika reytingida bojxona ko‘rsatkichi bo‘yicha O‘zbekiston 140-o‘rindan 74-o‘ringa ko‘tarilgan. Lekin hali raqamlashtirish, jarayonni tezlashtirish va qulaylashtirish bo‘yicha vazifalar ko‘p. Taqdimotda shu boradagi chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi”, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, so‘nggi yillarda bojxona hududida qayta ishlash turlari kengaytirilgani samarasida bu tarzda eksport qilingan tovarlar ulushi o‘tgan yili 1 milliard dollardan oshgan. Bu tizimni yanada soddalashtirib, shu yilning o‘zida eksportni 1,5 milliard dollarga yetkazish mumkin. Qo‘shni davlatlar bilan savdo va turizm aloqalari kengayib borayotgani tufayli chegaradagi yo‘lovchilar va avtotransport oqimi kamida 2 karra oshishi kutilmoqda. Bu qo‘shimcha infratuzilma yaratib, postlarda o‘tkazuvchanlikni oshirishni talab qiladi.

Jumladan, xalqaro qatnovlarni ko‘paytirish maqsadida avtobuslarda ham, aviareyslardagidek yo‘lovchilar haqidagi ma’lumotlarni oldindan olish tizimi ko‘zda tutilmoqda. Natijada avtobuslar chegaradan soddalashgan tartibda o‘tkazilib, rasmiylashtirish vaqti 2 barobar qisqaradi. Shuningdek, eng yirik bojxona postlarida yengil avtomobil va avtobuslar uchun qizil va yashil yo‘laklar joriy qilish taklif etilmoqda.

Bojxona kuzatuvida sun’iy intellektni keng qo‘llash masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Shu maqsadda Jahon banki mutaxassislari ko‘magida “xavf tizimi” takomillashtiriladi. Bu tizim moliyaviy barqarorlik, savdo tarixi kabi 122 ta mezon bo‘yicha tadbirkorlarning ishonchlilik darajasini baholaydi. Shuningdek, rentgen tasvirlari sun’iy intellekt asosida tahlil qilinib, xavfli tovarlar avtomatik aniqlanadi.

“Davlatimiz rahbari bu takliflarni ma’qullab, sohada xalqimiz uchun yengilliklar yaratish, tadbirkorlar va turistlarga tezkor xizmat ko‘rsatish zarurligini ta’kidladi. Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonida bunga bojxona qonunchiligini to‘liq muvofiqlashtirish vazifasi qo‘yildi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, bojxona instituti salohiyatini oshirish, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar, tahlika-tahlil bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlash, dual ta’limni kengaytirib, amaliyotni yaxshilash muhimligi qayd etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

bojxona sun'iy intellekt

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing