O‘zbekistonda bolalarga ijtimoiy tarmoqlar taqiqlanishi mumkin
Jamiyat
−
27 iyun 2631 1 daqiqa
Tarmoqlarda O‘zbekistonda ham 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlar taqiqlanishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. QALAMPIR.UZ xabarga aniqlik kiritish maqsadida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot kotibi Dilfuza Sobirova bilan bog‘landi.
Uning bildirishicha, hali ushbu masala muhokama bosqichida bo‘lib, vazirlik bolalarga mas’ul idora o‘laroq bunga e’tibor qaratgan. Biroq hali qonun loyihasi tayyor emas va bu borada aniq takliflar bildiriladi.
Ma’lum bo‘lishicha, mazkur masala yuzasidan vazirlik deputatlar va senatorlar bilan ham muhokama o‘tkazgan. Tegishli qonun loyihasi ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi.
Ma’lumot uchun, bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni to‘liq taqiqlash tizimini (16 yoshdan kichiklar uchun) ilk bor 2025 yilning dekabrida Avstraliya joriy etgan edi. Xuddi shunday choralar hozirda bir qator Yevropa mamlakatlarida, jumladan, Fransiya, Ispaniya va Daniyada ham ko‘rib chiqilmoqda. Kanada va Turkiya ham ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni cheklashni rejalashtirmoqda. 15 iyun kuni esa Buyuk Britaniya 16 yoshdan kichik bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni to‘liq taqiqlashini e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq BAA hukumati bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini tartibga soluvchi qaror qabul qilgani haqida xabar berilgan edi. Unga ko‘ra, bolalarning 15 yoshga to‘lgunga qadar ulardan foydalanishi taqiqlanadi.