Uels futbol assotsiatsiyasi Infantinoni qo‘llab-quvvatlashdan voz kechdi
Sport
−
03 avgust 954 2 daqiqa
Uels futbol assotsiatsiyasi bo‘lajak FIFA prezidentligi saylovlarida amaldagi rahbar Janni Infantino nomzodini qo‘llab-quvvatlamasligini ma’lum qildi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Qayd etilishicha, Uels futbol assotsiatsiyasi Infantinoga nisbatan qo‘llab-quvvatlovini ochiqchasiga qaytarib olgan birinchi milliy futbol tashkilotiga aylandi.
Avvalroq, Infantino FIFA’ning tijorat huquqlarining bir qismini xususiy investorlarga sotish tashabbusi bilan chiqqan edi. Loyihaga ko‘ra, FIFA’ning erkaklar va ayollar o‘rtasidagi eng yirik musobaqalarining media va tijorat huquqlarini boshqaradigan alohida kompaniya tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Infantinoning fikricha, FIFA Forward Enterprise kompaniyasining tashkil etilishi a’zo assotsiatsiyalar daromadini oshirib, butun dunyoda futbol rivojiga xizmat qilishi kerak edi. FIFA ushbu tashabbus orqali 4,2 milliard dollar jalb qilish mumkinligini ma’lum qilgan.
Biroq ushbu reja qator futbol tashkilotlari va federatsiyalarning keskin tanqidiga uchradi. Jurnalist Romen Molinaning ma’lum qilishicha, Infantino tashkilot ichida ham qo‘llab-quvvatlovini yo‘qotayotgani sababli uning yaqin orada iste’foga chiqishi mumkin.
Infantinoning tashabbusi UEFA, KONKAKAF, OFK va CONMEBOL tomonidan rad etildi. UEFA hatto ushbu reja amalga oshirilsa, FIFA homiyligidagi musobaqalarni boykot qilishini ma’lum qilgan edi. Keyinchalik Infantino loyiha to‘xtatilganini e’lon qilgan bo‘lsa-da, UEFA FIFA rahbariga nisbatan ishonchini yo‘qotganini bildirdi.
“The Telegraph” nashrining yozishicha, agar Infantino o‘z ixtiyori bilan lavozimini tark etishdan bosh tortsa, UEFA unga nisbatan ishonchsizlik votumi e’lon qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Ma’lumot uchun, UEFA’ning 55 a’zosidan 52 tasi dastlab Infantino nomzodini qo‘llab-quvvatlagan edi. Faqat Germaniya, Ruminiya va Norvegiya bu tashabbusga qo‘shilmagan. 56 yoshli Janni Infantino 2016 yil fevral oyida bo‘lib o‘tgan FIFAning navbatdan tashqari kongressida prezident etib saylangan. Keyinchalik u yana ikki marta raqobatsiz ravishda qayta saylangan. Navbatdagi FIFA prezidentligi saylovi 2027 yil mart oyida bo‘lib o‘tadi.
Live
Barchasi