Turkiyada katta tozalash: 209 kishi terrorizmga qarshi reydlarda ushlandi

Olam

image
Turkiya huquq-tartibot idoralari, kecha, 23 iyun kuni o‘tkazilgan terrorizmga qarshi operatsiyalar davomida 209 kishini hibsga oldi. Bu haqda “Anadolu” axborot agentligi xabar berdi.

Reyddan bir kun avval Turkiya hukumati kelasi oy shaharda bo‘lib o‘tadigan NATO sammiti oldidan barcha ommaviy yig‘ilishlarga cheklovlar joriy etgan edi. Anqara bosh prokuraturasining ma’lum qilishicha, bir nechta qurolli guruhlar faoliyatiga oid tergovlar doirasida 241 nafar gumonlanuvchini qo‘lga olish bo‘yicha order berilgan. Hozirga qadar 209 kishi ushlangan, qolganlarni qidirish ishlari davom etmoqda.

Prokuratura operatsiyalar terrorchi tashkilotlar faoliyatini fosh etish maqsadida o‘tkazilganini bildirgan. Bayonotda NATO sammiti bilan bog‘liqlik haqida ma’lumot berilmagan.

Prokurorning gumondorlarni hibsga olish to‘g‘risidagi qaroridan so‘ng, politsiya guruhlari Istanbul, Anqara, Hatay, Izmir, Erzinjan, Tekirdag‘, Antaliya va Kojaeli shaharlari – jami 46 ta manzilda bir vaqtning o‘zida operatsiyalar o‘tkazgan. Operatsiya davomida 24 gumondor qo‘lga olingan, manzillarni tintuv qilish chog‘ida ko‘plab tashkiliy hujjatlar va raqamli materiallar musodara qilingan.

“Reuters”ning qayd etishicha, hibsga olinganlar orasida jurnalist va LGBT huquqlarining faoli Yildiz Tar, muxolif partiya siyosatchilari hamda bir nechta advokatlar borligi aytilmoqda. Progressiv huquqshunoslar assotsiatsiyasi o‘zining uch nafar a’zosi qo‘lga olinganini ma’lum qilgan.

Rasmiylar alohida gumonlanuvchilarga qo‘yilgan ayblovlar tafsilotlarini oshkor qilmagan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ko‘ra, hibsga olinganlarning advokatlar bilan uchrashish imkoniyati 24 soatga cheklangan.

Muxolifat va fuqarolik jamiyati vakillari esa reydlarni Turkiyada demokratiya va fuqarolik erkinliklariga bosimning davom etishi sifatida baholagan. Kurdparast DEM partiyasi NATO sammitining tayyorgarligi demokratik faoliyat va asosiy erkinliklarni cheklash uchun bahona sifatida ishlatilayotganini bildirib, barcha hibsga olinganlarni zudlik bilan ozod qilishga chaqirgan.

Anqara gubernatorligi 28 iyundan 10 iyulgacha namoyishlar, matbuot anjumanlari va boshqa ommaviy tadbirlarni taqiqlagandi. Rasmiylar bu qarorni 7–8 iyul kunlari o‘tkaziladigan NATO sammiti xavfsizligini ta’minlash zarurati bilan izohlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyada yangi avtomobil olgan 4 millionga yaqin fuqaro tekshirilgan edi.

Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing