Tramp Turkiyadan harbiy samolyotda yashirincha “qochdi”
Olam
−
10:15 12825 3 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp joriy yilning iyul oyi boshida Eron bilan bog‘liq tahdid tufayli Turkiya poytaxti Anqaradan harbiy-transport samolyotida yashirincha uchib ketgan. Bu haqda “The Washington Post” gazetasi xabar berdi.
Gap shundaki, joriy yilning 7-8 iyul kunlari Turkiya poytaxti Anqara NATO davlatlari rahbarlarining sammitiga mezbonlik qildi. Sammit bahonasida rasmiy tashrifni ham amalga oshirgan Tramp, 7 iyul kuni Anqaraga tillarda doston bo‘lgan yangi samolyotida kelgandi. O‘shanda samolyot Qatar Amiri tomonidan sovg‘a qilingani va uning taxminiy bozor qiymati 900 million dollar atrofida ekani aytilgandi. Biroq, Tramp 9 iyul kuni mamlakatni o‘zining yangi hashamatli samolyotida emas, balki United Airlines kompaniyasi bortiga, o‘zining eski samolyotiga chiqib ketayotgani suratlar tarqaldi.
“The Washington Post”ning yozishicha, garchi Oq uy Amerika yetakchisi o‘z laynerida uchib ketganini da’vo qilgan bo‘lsa-da, aslida Tramp suiqasd uyushtirilishi tahdidi sababli harbiy samolyotda Turkiyadan yashirincha uchib ketgan.
Bu avvaldan kelishilgan maxsus harbiy operatsiya bo‘lib, bu haqda jurnalistlar va Oq uyning ayrim xodimlariga xabar berilmagan. Ular Prezident bilan bir samolyotda uchyapmiz, deb o‘ylashgan.
Tramp Anqarada bo‘lib o‘tgan NATO sammiti yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida Turkiyadan Qatar qirollik oilasi sovg‘a qilgan yangi prezidentlik bortida qaytmasligini, chunki uni Yevropada namoyish etmoqchi ekanini ma’lum qilgan. Nashrning qayd etishicha, Tramp Anqarada o‘zining eski prezidentlik avialayneri bortiga ko‘tarilgan, buni jurnalistlar ham ko‘rib, videoga muhrlagan. Biroq manbalarning so‘zlariga ko‘ra, bir necha daqiqadan so‘ng u yashirincha AQSH Harbiy-havo kuchlarining kichikroq samolyoti – C-32A harbiy-transportiga o‘tkazilgan. Maqoladan ma’lum bo‘lishicha, Trampni samolyotgacha kichik yuk mashinasida olib ketishgan. Bunday mashinadan odatda samolyotlar parvozidan oldin oziq-ovqat mahsulotlarini yuklashda foydalaniladi.
Nashrning AQSH rasmiylari orasidagi manbasi potensial tajovuzkorlarni chalg‘itish amaliyoti Trampga Eron tomonidan bo‘layotgan haqiqiy tahdid bilan bog‘liqligi sababli o‘tkazilganini aytgan. Yozilishicha, AQSH hukumatida o‘nlab yillardan buyon Eronning amerikalik mansabdor shaxslarga nisbatan teraktlar uyushtirish fitnalaridan xavotirlar mavjud. Bu Trampga ham tegishli, deya xulosa qiladi gazeta.
Materialda Oq uyning kommunikatsiyalar bo‘yicha direktori Stiven Chunning bayonoti keltirilgan. U nashrda bayon etilgan ma’lumotga mohiyatan izoh bermagan, biroq shunday degan:
“Prezident yaqinda aytganidek, Amerikani nishonga olgan dushmanlar ko‘p va biz bu tahdidlarga qarshi turish uchun qo‘limizdagi barcha vositalarni ishga solamiz”.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 10 iyul kuni xalqaro matbuotda Isroil Vashington ma’muriyatiga Eron AQSH Prezidenti Donald Trampga suiqasd qilishning yangi rejasini tayyorlayotgani haqidagi razvedka ma’lumotlarini taqdim etgani haqida xabarlar tarqalgandi.
Ma’lumot uchun, 2024 yil 13 iyul kuni Tramp Pensilvaniya shtatining Batler shahridagi saylovoldi mitingida qurolli hujum oqibatida o‘ng qulog‘idan yaralangandi.
2024 yil 15 sentyabr kuni Florida shtatining Uest-Palm-Bich hududidagi golf klubida bo‘lgan qurollangan shaxsning pistirmaga urinishi Maxfiy xizmat tomonidan so‘nggi lahzada to‘xtatildi.
Joriy yilning 25 aprel kuni Tramp va uning kabineti a’zolari ishtirokida Oq uy muxbirlari uyushmasining kechki ovqatiga rejalashtirilgan qurolli hujumga urinish Maxfiy xizmat tomonidan gumonlanuvchining hibsga olinishi bilan to‘xtatilgandi.
Live
Barchasi