SI Napoleon davridagi sirli xatni o‘qishga yordam berdi

Olam

−

image

Sun’iy intellekt yordamida Napoleon davriga oid 200 yildan ortiq vaqt davomida o‘qishning imkoni bo‘lmagan, shifrlangan harbiy xatning mazmuni tiklandi. Bu haqda “Naked Science” xabar berdi.

Qayd etilishicha, gap 1809 yil bahorida Fransiya generali Ogyust Marmonga yuborilgan harbiy xabar haqida bormoqda. Hujjat Napoleonning o‘z qo‘li bilan yozgan maktubi emas, balki Italiya vitse-qiroli Yevgeniy Bogarne shtabidan yuborilgan xabar hisoblanadi.

Tadqiqot uchun 1969 yilda chop etilgan fransuz harbiy-tarixiy jurnalidagi xat nusxasining skaneri ishlatilgan. Hujjatning dastlabki qatori oddiy fransuz tilida yozilgan bo‘lsa, undan keyingi 24 qatorda sonlar, harflar va qo‘lyozma belgilaridan iborat shifr mavjud bo‘lgan.

Karter Cherchning aytishicha, GPT-6 Astra tasvirni tahlil qilish, kod yozish va ehtimoliy variantlarni solishtirish orqali shifrni yechishga yordam bergan. Modelning hisoblash ishlari taxminan olti soat davom etgan, tadqiqotchining o‘zi esa buning uchun yana bir necha kecha ishlagan.

Shifr tizimida bir harf uchun bir nechta belgi ishlatilgan, ayrim belgilar esa butun so‘zlarni anglatgan. Shu sababli, oddiy chastota tahlili yetarli bo‘lmagan. Tadqiqotchi mavjud tarixiy shifr jadvalidan ham foydalanib, qolgan belgilarni fransuz tilidagi ehtimoliy so‘zlar bilan solishtirgan. Natijada taxminan 1300 ta shifr birligidan iborat matn tiklangan. Unda o‘sha davrdagi fransuz va ittifoqchi qo‘shinlarning joylashuvi hamda soni haqida ma’lumotlar borligi aniqlangan.

Xat mazmunini Napoleonning 1809 yil 16 martdagi buyrug‘i bilan solishtirish ham uning sanasini aniqlashtirishga yordam bergan. Mazkur buyruqda Bogarnega Marmonga qo‘shinlarning joylashuvi haqida ma’lumotlarni ishonchli ofitser orqali shifrlangan xatda yetkazish topshirilgani qayd etilgan.

Shu bilan birga, tadqiqotchining o‘zi ham barcha belgilar to‘liq va bir ma’noda yechilganini ta’kidlamagan. Ayrim kam uchraydigan belgilar bir nechta ma’noga ega bo‘lishi mumkin. Biroq uning fikricha, bu noaniqliklar xatning umumiy mazmunini o‘zgartirmaydi.

Qayd etilishicha, tiklangan matn, shifr kaliti va uni qayta tiklash uchun foydalanilgan dastur ham ochiq e’lon qilingan. Bu boshqa tadqiqotchilarga natijani alohida belgilar darajasida tekshirish imkonini beradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq olimlar sun’iy intellekt yordamida taxminan 2000 yil avval Vezuviy vulqoni otilishi oqibatida kuyib ketgan qadimiy papirus o‘ramini virtual tarzda ochib, undagi matnni o‘qishga muvaffaq bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing