Shveysariya elchisi o‘zbekistonliklarni ogohlantirdi (video)

Jamiyat

image

Shu kunlarda Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasiga ushbu davlatga soxta ishga taklif qilish va qalbaki ishlash ruxsatnomalari bilan bog‘liq murojaatlar ko‘paygan. Bu haqda elchixona va Migratsiya agentligi fuqarolarga ogohlantirish bilan chiqdi.

“Xonimlar va janoblar, biz Shveysariyaning Toshkentdagi elchixonasida firibgarliklar, jumladan, Shveysariyaga yolg‘on ish takliflari va “u yerda ishlashga”, deb berilayotgan soxta ishlash ruxsatnomalari haqida tez-tez eshityapmiz. Shunday ekan, O‘zbekistonda yashab, Shveysariyada ish qidirayotgan bo‘lsangiz, firibgarlik qurboni bo‘lib qolishdan o‘zingizni himoya qiling”, deydi Shveysariyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Konstantin Obolenskiy. 

Shuningdek, elchi ish taklifi kelib tushsa, juda ehtiyot bo‘lishni va uning chindan ham haqiqiyligini tekshirishni, uning haqiqiyligini tekshirish uchun Shveysariyadagi potensial ish beruvchi bilan bevosita aloqada ekaningizga ishonch hosil qilishni tavsiya qilgan. 

“E’tibor bering, firibgarlar o‘zlarini kompaniya vakili sifatida ko‘rsatishadi va kompaniya yoki hatto, Shveysariya rasmiylari nomidan soxta hujjatlar yasaydi. Shuning uchun, Shveysariyada ishga olmoqchi bo‘lgan kompaniya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilayotganingizni turli manbalardan foydalanib tekshiring. 

Juda muhim: hech qanday sharoitda pul to‘lamang yoki o‘tkazmang! Agar ish taklifi haqiqiy bo‘lsa, ishlash uchun ruxsatnoma olish ish beruvchining zimmasida bo‘ladi. Ish vizasini olish uchun Shveysariyaning Moskvadagi elchixonasida joylashgan Mintaqaviy konsullik markaziga shaxsan ariza topshirishingiz kerak bo‘ladi. Toshkentdagi elchixonaga emas!

Agar siz o‘zingizni bunday jinoyat qurboni yoki firibgarlar bilan aloqada bo‘ldim, deb hisoblasangiz, bu haqda mahalliy ichki ishlar organiga xabar berishingizni tavsiya qilamiz”, deydi elchi.

Xorijda qonuniy va xavfsiz ishlashni maqsad qilganlar Migratsiya agentligi va uning hududiy filiallariga yoki litsenziyaga ega Xususiy bandlik agentliklariga murojaat qilishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

ogohlantirish Shveytsariya elchisi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing