Shavkat Mirziyoyev Toshkentga to‘xtab o‘tgan Malayziya Bosh vaziri bilan uchrashdi
Jamiyat
−
16 iyun 3611 1 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev poytaxtda qisqa muddat to‘xtab o‘tgan Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Samimiy muloqot chog‘ida O‘zbekiston – Malayziya munosabatlarini yanada rivojlantirish va amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilingan.
Qayd etilishicha, oliy darajadagi o‘zaro tashriflar natijasida ikki mamlakat hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarilgan. Joriy yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi 15 foizga oshgan, qo‘shma korxonalar soni esa 50 taga yetgan.
Davlat rahbari ayni paytda O‘zbekistonda bo‘lib turgan Malayziyaning “Petronas” korporatsiyasi delegatsiyasi bilan muzokaralar muhimligini ta’kidlab, neft-kimyo, yuqori texnologiyalar, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, farmatsevtika va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi strategik loyihalarni jadallashtirish zarurligini qayd etgan.
Shuningdek, islom moliyasi, hududlararo aloqalar, ziyorat turizmi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni ko‘paytirish hamda madaniy almashinuvlarni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashilgan.
Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev Anvar Ibrohimni O‘zbekistonga alohida tashrif bilan kelishga taklif qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev V Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga kelgan Rossiya Federatsiyasi hukumati raisi Mixail Mishustinni qabul qilgandi.
Live
Barchasi