Shavkat Mirziyoyev bilan chegara masalasini hal qilamiz – Qirg‘iziston rasmiysi
Olam
−
23 iyun 5481 2 daqiqa
Joriy yilning avgust oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi bo‘lib o‘tadi hamda tashrif doirasida “Seydikum” chegara nazorat-o‘tkazish punktini ochish masalasi muhokama qilinadi. Bu haqda Qirg‘iziston Davlat chegara xizmati raisining birinchi o‘rinbosari – Bosh shtab boshlig‘i Mirzamir Sidiqov Jogorku Keneshning xalqaro ishlar qo‘mitasi yig‘ilishida ma’lum qilgan.
Deputat Aybek Altinbekovning ta’kidlashicha, hozirda Qirg‘iziston–O‘zbekiston chegarasidagi barcha nazorat-o‘tkazish punktlari ochilgan bo‘lib, faqat “Seydikum” punkti ishlamayapti. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur punktning ochilishi Bozorqo‘rg‘on tumani iqtisodiyoti uchun manfaatli bo‘ladi.
Chegara xizmati rahbari o‘rinbosarining aytishicha, Qirg‘iziston va O‘zbekiston hukumatlararo komissiyasi ushbu masala bo‘yicha ish olib bormoqda. Tomonlar chegara punktlariga oid kelishuvlarni muhokama qilmoqda va shu maqsadda rasmiylar tomonidan 18 iyun kuni Namanganda uchrashuv o‘tkazilgan.
“Chegara nazorat-o‘tkazish punktlari to‘g‘risidagi kelishuvga o‘zgartirishlar kiritildi, jumladan, “Seydikum” punkti bo‘yicha ham. Avgust oyida O‘zbekiston Prezidentining Qirg‘izistonga davlat tashrifi bo‘lib o‘tadi va mazkur masala imzolash uchun kun tartibiga kiritiladi”, degan Mirzamir Sidiqov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze jurnalistlar bilan suhbatda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning joriy yilning iyul oyida Gruziyaga tashrifi kutilayotganini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi