Ramazonda ehtiyojmand aholi uchun 1 trln so‘mdan ortiq pul ajratiladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda Ramazon oyida ehtiyojmand aholi uchun “Vaqf” xayriya jamoat fondiga 750 milliard so‘m hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali 300 milliard so‘m ajratiladi. Bu haqda bugun, 16 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan Ramazon oyida ehtiyojmand aholining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda inson qadrini ulug‘lash, aholini ijtimoiy himoya qilish va adolatli jamiyat barpo etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilganidek, O‘zbekiston ijtimoiy davlat sifatida fuqarolar farovonligini ta’minlash, ehtiyojmand qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash va jamiyatda mehr-oqibat muhitini kuchaytirishni ustuvor vazifa deb biladi. Mazkur tamoyillar, ayniqsa, Ramazon oyida yanada yorqin namoyon bo‘lib, saxovat va hamjihatlik qadriyatlari amaliy ishlar bilan mustahkamlanmoqda.

Yig‘ilishda davlat rahbari muborak oyda nuroniylar, yolg‘iz va ehtiyojmand fuqarolar holidan xabar olish, og‘ir ahvolga tushib qolgan oilalarga amaliy ko‘mak berish ezgu qadriyat ekanini ta’kidlagan.

Shuningdek, yig‘ilishda shu maqsadda ishlab chiqilgan “Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” shiori ostidagi kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida axborot berilgan. Ularni amalga oshirish uchun “Vaqf” xayriya jamoat fondiga 750 milliard so‘m hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali 300 milliard so‘m ajratilishi belgilangan.

Ajratiladigan mablag‘lar hisobidan ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish, nogironligi bor shaxslarning davolanish va jarrohlik amaliyotlari xarajatlarini qoplab berish ko‘zda tutilgan.

Prezident joriy yil yanvar oyida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bugun turli radikal va ekstremistik g‘oyalar axborot texnologiyalari orqali yoshlar ongini zaharlashga urinayotgani, faqat jazo va taqiq bilan bu muammoni hal qilib bo‘lmasligini ta’kidlagan edi.

Ayni damda Prezident jamiyat onalari va kelajak avlod tarbiyachilari bo‘lgan xotin-qizlarni buzg‘unchi g‘oyalar ta’siridan asrash, ularni ham ma’nan, ham moddiy qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida urg‘u bergan.

Bu jarayonda yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan shaxslarni ijtimoiylashtirish, moddiy qo‘llab-quvvatlash, ularning oilalari bilan individual tarzda ishlab, tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatish hamda kasb-hunarga o‘rgatish orqali bandligini ta’minlash zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Prezident har bir mahallada ehtiyojmand oilalarning aniq va shaffof ro‘yxatini shakllantirish, yordamlarni fuqarolarning dini, millati va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, teng va adolatli tarzda yetkazish shartligini alohida ta’kidlagan. Mas’ul idoralarga bu borada qat’iy nazorat o‘rnatish topshirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda joriy yilda Ramazon oyi 19 fevraldan boshlanishi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Ramazon xayriya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing