Prezident ofisidan topshiriqlar: maoshlar oshiriladi, sudyalar nazorati va ota-onalar javobgarligi kuchaytiriladi
Tahlil
−
13 iyun 21044 7 daqiqa
O‘zbekistonda o‘tgan hafta davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, ijtimoiy soha va huquq-tartibot tizimiga daxldor qator muhim qarorlar qabul qilindi. Sud tizimida korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirishdan tortib, shifokorlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, baliqchilikni yangi bosqichga olib chiqish, narkojinoyatchilikka qarshi qonunchilikni kuchaytirish hamda tog‘-kon sanoatida raqamli texnologiyalarni joriy etishgacha bo‘lgan masalalar davlat rahbarining diqqat markazida bo‘ldi.
Sud tizimida korrupsiyaga qarshi “favqulodda holat”
Endilikda sud tizimida halollik, adolat va poklik tamoili asosida komplayens nazorat kuchaytiriladi. Joriy yilning 8 iyun kungi taqdimotda prezident aholining sud himoyasida bo‘lish kafolatlarini yanada kuchaytirish, sudlarda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholashning professional tizimini joriy etish, shuningdek, sud tizimida 2026 yilda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha e’lon qilingan “favqulodda holat”dan kelib chiqadigan vazifalarning samarali va o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida “Sudlarda komplayens nazorat tizimi samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmonni imzoladi.
Unga ko‘ra, 2026 yil yakuniga qadar sud tizimida korrupsiyaga qarshi barqarorlik bo‘yicha diagnostika o‘tkaziladi. Sudyalikka nomzodlarni tayyorlash jarayonida ularning shaxsiy-professional va korrupsiyaga qarshi barqarorligini baholash amaliyoti ham joriy etiladi.
Sud apparatiga ishga qabul qilish tizimi ham tubdan yangilanadi. U ochiq tanlov, shaffof tartib-taomillar va meritokratiya tamoyillari asosida tashkil etiladi. Nomzodlarning kasbiy, ma’naviy-axloqiy va halollik sifatlarini baholashning zamonaviy tizimi joriy qilinadi.
Xodimlar uchun manfaatlar to‘qnashuviga olib keluvchi faoliyat va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish, chet elda hisobvaraq ochish kabi cheklovlar nazarda tutiladi.
Taqdimotda sud apparati xodimlari uchun ixtisoslashgan xizmat kiyimini joriy etish taklifi ham ko‘rib chiqildi. Bu xodimlar mas’uliyati, xizmat intizomi va etika madaniyatini mustahkamlashga xizmat qilishi aytib o‘tildi.
Davlat rahbari sud tizimida shaffoflik, halollik va adolat muhitini mustahkamlash aholining sud himoyasiga bo‘lgan ishonchini oshirishning muhim omili ekanini, takliflarni puxta ishlab chiqish, komplayens xizmatiga malakali kadrlarni jalb etish zarurligini bildirdi.
Baliqchilik: arzon va sifatli oziq-ovqat
O‘zbekistonda baliqchilik oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq aholisi daromadlarini oshirish va suv resurslaridan samarali foydalanishda muhim yo‘nalish hisoblanadi. Ilk bor mamlakatda yetishtirilgan baliq hajmi tabiiy suv havzalarida ovlangan baliq miqdoridan oshib ketdi. Markaziy Osiyoda baliq yetishtirish hajmi bo‘yicha O‘zbekiston yetakchi o‘rinda turibdi.
O‘tgan yil hisobida 206 ming tonna baliq yetishtirilgan. 11 iyun kunidagi taqdimotda oddiy ko‘l baliqchiligidan suvni tejaydigan, qayta aylantiradigan va intensiv texnologiyalarga asoslangan tizimga o‘tish zarurligi haqida so‘z bordi. Bu borada 329 ta tabiiy suv havzasi va suv ombori hamda ular atrofidagi 163 ming gektar yer maydonlarini ijaraga berishning yangi, shaffof tizimini joriy qilish, intensiv baliqchilik va naslchilik xo‘jaliklariga har yili zarur miqdorda suv yetkazib berishni kafolatlanishi lozimligi qayd etildi.
Sohada yangi texnologiyalarni joriy etish va tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, xususan, yopiq suv aylanma tizimini o‘rnatish xarajatlarining bir qismini qoplash, naslli ona baliqlarni import qilish uchun subsidiya ajratish, quyosh panellarini o‘rnatish uchun subsidiya berish va aylanma mablag‘ uchun imtiyozli kreditlarning foiz xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish lozimligi ta’kidlandi.
Baliqchilik xo‘jaliklariga kreditlar ajratish, milliy va xorijiy valyutadagi kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarini qisman qoplash mexanizmlari joriy etiladi.
Ushbu imkoniyatlar hisobiga keyingi yilda baliq yetishtirish hajmini 500 ming tonnadan oshirish choralarini ko‘rish topshirildi. Sohada malakali kadrlar tayyorlash ham muhim vazifa sifatida belgilandi.
Shuningdek, Agrar universitetda Astraxan davlat texnika universiteti va Xitoyning Dalyan okean universiteti bilan hamkorlikda baliqchilik va akvakultura bo‘yicha qo‘shma fakultet ochish taklifi ko‘rib chiqildi.
Prezident mutasaddilarga baliqchilik tarmog‘ini zamonaviy texnologiyalar, ilmiy yondashuv va samarali boshqaruv asosida rivojlantirish, tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratish, suv resurslaridan oqilona foydalanish va aholi dasturxoniga arzon, sifatli baliq mahsulotlarini yetkazib berish yuzasidan topshiriqlar berdi.
Shifokorlarga yangi imtiyozlar
Aholi salomatligini mustahkamlash va og‘ir kasallikka chalingan bemorlarga yordam ko‘rsatish borasida bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, onkologik (saraton) kasalliklarini erta aniqlash, ularga bepul va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish belgilangan. Aynan shu mavzuda, prezident Shavkat Mirziyoyev 11 iyun kuni olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Taqdimotda aholi o‘rtasida eng ko‘p uchraydigan saraton kasalliklari bo‘yicha maqsadli tibbiy tekshiruvlar bilan qamrab olishni kamida 60 foizga yetkazish, saraton kasalliklariga chalingan bemorlar orasida 5 yillik umr davomiyligi ko‘rsatkichini 35 foizdan kamida 45 foizga oshirish maqsad qilingani bildirildi.
Buning uchun 2027 yildan boshlab Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va xalqaro ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilgan saratonga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy dastur hududlarda bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Mazkur dastur doirasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari xodimlarining onkologik hushyorligi oshiriladi. Ular saraton kasalliklarining dastlabki belgilarini aniqlash va bemorlarni o‘z vaqtida ixtisoslashgan muassasalarga yo‘naltirish bo‘yicha qayta tayyorlanadi.
Shuningdek, xalqaro tavsiyalar asosida klinik qo‘llanmalar qabul qilinadi. Onkologiya yo‘nalishida multidissiplinar jamoaviy yondashuv – bir nechta mutaxassis ishtirokida bemorga tashxis qo‘yish va davolash taktikasi joriy etiladi.
Aholining ehtiyojlaridan kelib chiqib, barcha hududlarda xospis muassasalari bosqichma-bosqich tashkil qilinadi. Taqdimotda davlat tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash masalalari ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, kamida 15 yillik ish stajiga ega xodimlar farzandlarining respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriatida o‘qishi uchun yillik kontrakt to‘lovining bir qismini, shuningdek, shunday ish stajiga ega xodimlar ipoteka krediti asosida uy-joy sotib olishida dastlabki badalning bir qismini qoplab berilishi belgilandi.
Narkojinoyatchilikka qarshi yangi bosqich
Joriy yilning 11 iyun kuni, Shavkat Mirziyoyev aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlikdan himoya qilish, shuningdek, yo‘l harakati ishtirokchilari xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Unda, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, ularning analoglari hamda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun mazmun-mohiyati haqida ma’lumot berildi.
Ushbu qonun parlament tomonidan qabul qilingan. Qonun bilan Jinoyat kodeksiga “Aholi salomatligi va genofondiga qarshi jinoyatlar” nomli yangi bob kiritilmoqda, bu orqali aholi, ayniqsa yoshlar salomatligiga tahdid solayotgan xavfli qilmishlar uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish ko‘zda tutilgan.
Narkojinoyatlarning zamonaviy usul va shakllari inobatga olinib, g‘ayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etish, narkotiklarning noqonuniy muomalasiga rahnamolik qilish, bangixona tashkil etish kabi qilmishlar uchun alohida javobgarlik belgilanmoqda. Shuningdek, 10 dan ortiq xavfli qilmish bo‘yicha jazo choralari og‘irlashtiriladi.
Davlat rahbari ushbu qonun narkojinoyatchilikka qarshi kurashishni yangi bosqichga olib chiqish, aholi salomatligi va millat genofondini himoya qilishda muhim huquqiy asos bo‘lishini ta’kidladi hamda uni imzoladi. Yangi qonun loyihasida davlat siyosatining 7 ta asosiy yo‘nalishi belgilanmoqda.
Ular orasida aholi, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarda “giyohvandlikka qarshi immunitet”ni shakllantirish, internet orqali sodir etilayotgan narkojinoyatlarga barham berish, giyohvandlikning barvaqt profilaktikasi, diagnostikasi, davolash va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya tizimini takomillashtirish kabi choralar mavjud.
Shuningdek, taqdimotda yo‘l-transport hodisalarining oldini olish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Ayrim fuqarolar tomonidan voyaga yetmagan shaxslarga transport vositasini boshqarishga ruxsat berilayotgani, bu esa yo‘llarda o‘lim va jiddiy jarohat olish holatlariga sabab bo‘layotgani qayd etildi.
Shu bois, yangicha yondashuv asosida yo‘l harakati qoidalariga rioya etilishini ta’minlash, og‘ir oqibatli avariyalarning oldini olish, buning uchun javobgarlikni kuchaytirish belgilandi.
Oltin qazish ko‘paytiriladi
Bir necha kun oldin, 9 iyun kuni prezident boshchiligida Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish choralari ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish davomida mamlakat iqtisodiyotida tog‘-kon sanoati va geologiya tarmog‘i muhim o‘rin tutishi, 2025 yilda ularning byudjetga tushumlari 118,5 trillion so‘mni tashkil etgani bildirildi. Unda kelgusi besh yilda oltin zaxirasini qo‘shimcha 879 tonnaga, kumushni 510 tonnaga, misni 676 ming tonnaga oshirish bo‘yicha ishlar allaqachon boshlangani qayd etildi.
Shuningdek mazkur taqdimotda 2026-2030 yillarda geologiya sohasida hamda 6 ta yirik korxona – “Navoiy kon-metallurgiya kombinati”, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati”, “Navoiyuran”, “O‘zmetkombinat”, “O‘zbekko‘mir” hamda “O‘zbekiston texnologik metallar kombinati”da sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha jami 44 ta loyihani amalga oshirish rejalari haqida axborot berildi.
Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasi orqali ushbu videoni tomosha qiling.
Live
Barchasi