O‘zbekiston Naxichevan temir yo‘li qurilishida ishtirok etishi mumkin

Jamiyat

image

O‘zbekiston Turkiyaning Samsun va Istanbul portlariga chiqishga xizmat qiluvchi Naxichevan temir yo‘li qurilishida ishtirok etish imkoniyatini o‘rganmoqda. Bu haqda bugun, 21 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan transport-logistika sohasidagi yirik loyihalarning borishi yuzasidan taqdimotda so‘z boradi.
 
Qayd etilishicha, Prezidentga “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi, Toshkent – Samarqand yo‘nalishida alohida yuqori tezlikdagi temir yo‘l barpo etish, hududlardagi temir yo‘l tarmoqlarini kengaytirish va elektrlashtirish loyihalari yuzasidan axborot berilgan. Yuk vagonlari parkini yangilash, mazkur jarayonga xususiy sektorni keng jalb qilish takliflari ham muhokama qilingan.

Xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish va dengiz portlari orqali jahon bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari alohida ko‘rib chiqilgan.

Kaspiy dengizidagi Oqtau, Turkmanboshi va Baku, Qora dengizdagi Poti va Anakliya portlarida O‘zbekiston ishtirokida logistika infratuzilmasini yaratish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar taqdimot qilingan. Xususan, Poti portida logistika markazini tashkil etish bo‘yicha bitim imzolangan, loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilmoqda. Anakliya portini rivojlantirishda, shuningdek, Turkiyaning Samsun va Istanbul portlariga chiqishga xizmat qiluvchi Naxichevan temir yo‘li qurilishida ishtirok etish imkoniyatlari o‘rganilmoqda.

Mazkur loyihalar to‘qimachilik, kimyo, qishloq xo‘jaligi va kon-metallurgiya mahsulotlarini tashqi bozorlarga yetkazib berish yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishga xizmat qiladi. Xalqaro yo‘laklardan samarali foydalanish uchun yurtimizdagi logistika markazlari tarmog‘ini ham kengaytirish zarurligi bildirilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing