Prezident nomidan foydalangan firibgarlar to‘dasi ushlandi (video)

3-sahifa

image

Huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirda ijtimoiy tarmoqlarda davlat amaldorlari va mashhur shaxslar siymosi orqali reklama qilingan investitsiya platformasi ortida turgan hamda noqonuniy kripto-aktivlar aylanmasi bilan shug‘ullanib kelgan uyushgan jinoiy guruh fosh etildi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, Instagram ijtimoiy tarmog‘i va Telegram messenjeridagi “Amina Halol Trading” foydalanuvchisi fuqarolar ishonchiga kirib, firibgarlik qilib kelayotganligi yuzasidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirda Olmazor tumani hududidagi ko‘p qavatli binolarning biri tekshirilgan. Natijada noqonuniy kripto-aktivlar savdosi bilan shug‘ullanib kelayotgan bir guruh shaxslar qo‘lga olingan. 

Tekshiruvlarga ko‘ra, gumonlanuvchilar amalga oshirgan P2P operatsiyalari va noqonuniy kriptoaylanma hajmi 1,5 milliondan ziyod USDT’ni tashkil etgan. Ma’lum bo‘lishicha, jinoiy guruh a’zolari 100 dan ziyod O‘zbekiston fuqarolarini aldab, ma’lum mablag‘ evaziga Qozog‘istonga olib borgan. U yerda ularning nomiga turli banklardan plastik kartalar ochtirilib, keyinchalik mazkur kartalar kripto-aktivlar aylanmasida foydalanilgan. 

Olib borilgan o‘rganishlar natijasida ushbu jinoiy sxemaning ortida xorijlik firibgarlar bo‘lib, ushbu jinoiy harakatlarni amalga oshirishda ijrochi sifatida O‘zbekiston fuqarolari ishtirok etgan. Ular arzon haq evaziga o‘z nomiga plastik karta ochtirib, uni boshqa shaxslarga taqdim etgan. 

Ma’lum bo‘lishicha, firibgarlar reklama va targ‘ibot materiallarida davlat amaldorlari va Prezident nomini suiiste’mol qilib, aholini ishontirishga uringan. 

Mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 278-8-moddasi (kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Bildirilishicha, gumonlanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi tanlangan bo‘lib, hozirda holat bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda joriy yilning dastlabki 5 oyi davomida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida 61 ta uyushgan jinoiy to‘da qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing