O‘zbekistonda 5 oyda qariyb 61 ta kriminal to‘da ushlandi (video)
3-sahifa
−
05 iyun 3304 2 daqiqa
O‘zbekistonda joriy yilning dastlabki 5 oyi davomida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida 61 ta uyushgan jinoiy to‘dalar qo‘lga olingan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan joriy yilning yanvar-may oylarida kriminogen vaziyatni yaxshilash yuzasidan amalga oshirilgan tezkor profilaktik tadbirlar davomida uyushgan jinoyatchilik yo‘nalishida 4325 ta jinoiy holatlar aniqlangan. Unda jami aniqlangan guruhlar soni 195 tani tashkil etib, 61 ta uyushgan jinoiy guruhning noqonuniy faoliyati to‘xtatilgan.
Tezkor tadbirlarda besh oy davomida 244 ta tovlamachilik, 459 ta noqonuniy qurol bilan bog‘liq, 48 ta talonchilik, 170 ta qimorxona tashkil etish bilan bog‘liq, 89 ta odam savdosi, 181 ta orttirilgan immunitet virusi infeksiyasini tarqatish, 959 ta fohishaxona saqlash va 3607 ta boshqa jinoiy holatlar aniqlangan. Shu bilan birga, qidiruvda bo‘lgan 1334 nafar shaxs ushlangan.
Qayd etilishicha, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash yo‘nalishida qurol bilan ham bog‘liq 459 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, natijada 541 ta qurollar rasmiylashtirib olingan. 236 ta silliq stvolli va 252 ta pnevmatik qurol, 50 ta qo‘lbola usulda yasalgan qurol, 7441 ta o‘qdori, 4126 gramm portlovchi moddalar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Olib borilgan tezkor tadbirlar davomida 8653 ta sovuq qurol olingan bo‘lib, ularning 284 tasi bita, 222 tasi kastet, 7137 ta o‘tkir tig‘li jismlar va 1010 ta boshqa turdagi sovuq qurollarni tashkil etgan. Targ‘ibot tadbirlari natijasida 842 ta turli xildagi qurollar ixtiyoriy ravishda topshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona, Andijon va Toshkent viloyatlarida vertolyot yordamida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 18 ming tupdan ortiq ko‘knori va kannabis o‘simliklari aniqlanib, yo‘q qilingani xabar qilingan edi.
Live
Barchasi