Ohangaronda 300 ta “lokatsiya”ga narkotik tarqatayotgan “zakladchik” ushlandi
3-sahifa
−
25 iyul 3151 2 daqiqa
Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida 300 ta “lokatsiya”ga narkotik tarqatayotgan “zakladchik” qo‘lga tushdi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ohangaron tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Navoiy viloyati Konimex tumanida yashovchi 1996 yilda tug‘ilgan A.S. giyohvandlik va psixotrop moddalarni kontaktsiz – manzil usulida tarqatish (“zakladchik”) faoliyati bilan shug‘ullanayotgani aniqlangan. U sintetik moddani tumanning ovloq hududidagi yerga kavlab ko‘mayotgan vaqtida, daliliy ashyo bilan ushlangan.
Ushbu shaxsning telefoni ko‘zdan kechirilganda, shu kabi 300 ga yaqin tarqatish maqsadida yashirilgan giyohvandlik vositalarining joylashgan “lokatsiya”lari mavjudligi aniqlangan.
Ushbu manzillar bo‘yicha tekshiruv olib borilgan vaqtda, har biri 1 grammdan bo‘lgan “mefedron” sintetik giyohvandlik vositalari borligi aniqlanib, tezkor xodimlar tomonidan rasmiylashtirib olingan.
Tezkor tadbir natijasida yuzlab fuqarolarni zaharlashi mumkin bo‘lgan sintetik giyohvandlik vositalari yo‘q qilingan. Holat yuzasidan ushlangan shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (Giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 6-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqandda Telegram orqali faoliyat yuritgan yashirin narkotarmoq fosh etilgandi. Tezkor tadbirlar davomida 44 nafar shaxs qo‘lga olinib, 1500 dozaga teng mefedronning tarqalishiga chek qo‘yilgan.
Live
Barchasi