Toshkentda avval ham sudlangan shaxs 1,2 kg narkotik bilan ushlandi
3-sahifa
−
08:09 567 1 daqiqa
Toshkentda internet orqali narkotik moddalar savdosi bilan shug‘ullangan, avval o‘g‘rilik uchun sudlangan shaxs ushlandi. Undan jami 1 kg 207 gramm sintetik narkotik moddalar topildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirda Yunusobod tumanidagi “Uch qahramon” yo‘l-patrul xizmati maskanida poytaxtga kirib kelayotgan Spark avtomobili to‘xtatilib, tekshirilgan.
Tekshiruv davomida avtomobilda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, 2004 yilda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan shaxsga tegishli sellofan paketdan 200 ta kichik paketga joylangan 365 gramm “mefedron” sintetik narkotik moddasi topilib, ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, uning Toshkent tumanida vaqtincha yashab turgan xonadoni ko‘zdan kechirilgan. U yerdan yana 734 gramm “mefedron”, 63 gramm “Alfa-PVP”, 45 gramm “spays”, ikkita elektron tarozi, kichik paketlar va boshqa ashyolar protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Aniqlanishicha, avval o‘g‘rilik jinoyati uchun sudlangan shaxs internetdagi narkodo‘konda “zakladchik”, ya’ni narkotik moddalarni yashirin joylarga qo‘yib ketuvchi shaxs sifatida ishlagan.
Bildirilishicha, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatida qariyb 42 kilogramm narkotik musodara qilingandi.
Live
Barchasi