Netanyaxu Oq uyda Tramp bilan Eron yadroviy dasturi masalasini muhokama qildi
Olam
−
30 iyul 1803 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp va Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Eronning yadroviy dasturini cheklash bo‘yicha diplomatiya, iqtisodiy bosim va harbiy kuch ishlatish kabi barcha ehtimoliy choralarni muhokama qildi. Bu haqda “Reuters” agentligi Isroilning yuqori lavozimli mulozimiga tayanib xabar berdi.
Isroil rasmiysining jurnalistlarga ma’lum qilishicha, Netanyaxu Oq uyda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Trampga Eronga qarshi yangi hujumlarni amalga oshirish Isroilning ustuvor tanlovi ekanini aytmagan.
“Yakuniy qaror uning qo‘lida”, degan ismini oshkor qilmagan manba Trampga ishora qilib.
Uning so‘zlariga ko‘ra, muhokamalarda uchta asosiy variant ko‘rib chiqilgan: muzokaralar orqali kelishuvga erishish, blokada va iqtisodiy bosimni davom ettirish hamda keng ko‘lamli harbiy zarba berish. Shuningdek, Netanyaxu bir qator qo‘shimcha takliflarni ham bildirgan, ammo ularning mazmuni ochiqlanmagan.
Uchrashuv arafasida Tramp Netanyaxudan norozi bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgandi. Bunga Isroil rahbarining “Pickaxe Mountain” deb ataluvchi, chuqur yer ostida joylashgan yadroviy ob’ekt haqidagi yangi razvedka ma’lumotlarini muhokama qilish rejasi ommaga sizib chiqqanligi sabab bo‘lgan.
Biroq Isroil rasmiysi ikki davlat o‘rtasida bu masala yuzasidan kelishmovchiliklar mavjudligi haqidagi taxminlarni rad etgan. Uning ta’kidlashicha, tomonlar razvedka ma’lumotlarini muntazam almashib turadi, Netanyaxu Trampni Eronga qarshi harbiy harakatlarni kuchaytirishga undamagan va diplomatik yechim imkoniyati ham saqlanib qolmoqda.
Shu bilan birga, manba Trampni Eron bilan qarama-qarshilikda “katta sherik”, Netanyaxuni esa “kichik sherik” deb atagan. Isroil rasmiysiga ko‘ra, Eronda inflyatsiyaning o‘sishi va aholi noroziligi kuchaygani hukumatga bosim o‘tkazmoqda. Biroq har qanday qaror qabul qilishda jahon iqtisodiyoti va neft bozoriga ta’siri ham hisobga olinmoqda.
Rasmiyning ta’kidlashicha, Isroil Eronning yadroviy dasturini mamlakat uchun eng katta tahdid deb hisoblaydi va Tehron hech qachon yadroviy qurolga ega bo‘lmasligini ta’minlashni maqsad qilgan. Eron esa yadroviy bomba yaratish niyati yo‘qligini ta’kidlab kelmoqda.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 29 iyul kuni AQSH va Saudiya Arabistoni Iroqdagi Eron qo‘llab-quvvatlaydigan qurolli guruhlarga zarba bergandi. Tramp esa Eron AQSH harbiylariga hujum qilgani uchun mamlakatga qarshi keskin javob choralari ko‘rilishini ma’lum qilgandi.
Bunga javoban Eron AQSHning Iordaniyadagi harbiy bazalari hamda Hormuz bo‘g‘ozidagi kemalarga raketa zarbalari berganini tasdiqladi. Shu bilan birga, Tehron Hormuz bo‘g‘ozini Ummon bilan birgalikda boshqarish haqidagi Ummon taklifini ham rad etdi.
Live
BarchasiBloger Aziz Hakimov 4 yilga qamaldi
11 avgust
Putin hech narsadan qo‘rqmasligini aytdi
11 avgust