Nepalda mehribon yo‘lbars internet qahramoniga aylandi

Olam

−

image

Nepalda Goma ismli urg‘ochi yo‘lbars bir vaqtning o‘zida beshta bolaga – o‘zining ikkita va boshqa urg‘ochi yo‘lbarsning uchta bolasiga qarab turgani tasvirga tushdi. Bu haqda BBC’ning “Tiger Island” hujjatli loyihasi mualliflari ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, g‘ayrioddiy holat mamlakat g‘arbidagi Bardiya milliy bog‘i yaqinida joylashgan jamoat o‘rmonida kuzatilgan. Goma beshta bola bilan qolgan bir paytda, Jugini ismli boshqa urg‘ochi yo‘lbars oziqlanayotgan bo‘lgan.

BBC jamoasi ushbu holatni yovvoyi tabiatda boshqa urg‘ochining bolalariga g‘amxo‘rlik qilishning o‘ziga xos namunasi sifatida baholagan. Biroq bu yo‘lbarslarda bunday xulq avval hech qachon kuzatilmaganini anglatmaydi. Mutaxassislar bunday yashirin hayot kechiruvchi hayvonlarning xulq-atvorini doimiy kuzatish qiyinligini ta’kidlaydi.

Loyiha ishtirokchilari hodisani fototuzoqlar yordamida kuzatgan. Yo‘lbarslarni bir-biridan tanib olishda ularning tanasidagi chiziqlar naqshidan foydalanilgan. Bu esa bolalarning turli urg‘ochilarga tegishli ekanini aniqlash imkonini bergan.

Tadqiqotchilar Goma va Jugini o‘rtasida qarindoshlik bo‘lishi mumkinligini ham taxmin qilmoqda. Jumladan, Goma Juginining onasi bo‘lishi ehtimoli bor. Ammo hozircha bu taxmin genetik tekshiruvlar orqali tasdiqlanmagan.

Ma’lum qilinishicha, yo‘lbarslar ov qilish va hududdan foydalanishda, odatda, yakka hayot kechiradi. Biroq bu ular o‘rtasida ijtimoiy aloqalar umuman bo‘lmaydi, degani emas. Mazkur kuzatuv ayrim holatlarda urg‘ochi yo‘lbarslar bir-birining bolalariga qarashda ham ishtirok etishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Mutaxassislar bu holat bir martalik istisno ekani yoki yo‘lbarslar orasida kam uchraydigan xulq-atvor namunasi ekanini aniqlash uchun qo‘shimcha kuzatuvlar zarurligini bildirmoqda.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing