Mamlakat hayotidagi eng muhim voqea – To‘qayev Qurultoyga saylovlar haqida

Olam

image

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Qozog‘istonda keng ko‘lamli modernizatsiya amalga oshirilayotganini aytib, bo‘lajak Qurultoy saylovlarini mamlakat uchun eng muhim voqealardan biri deb atadi. Bu haqdu u bugun, 12 avgust kuni jamoat arboblari bilan uchrashuv chog‘ida so‘z ochdi.

To‘qayev Qozog‘istondagi o‘zgarishlar davlat hayotining barcha sohalariga daxldor ekanini qayd etgan. U, shuningdek, qabul qilingan siyosiy qarorlar va bo‘lajak Qurultoy saylovlari haqida to‘xtalib o‘tgan. 

“Millat taqdirini oldindan belgilab beradigan haqiqatan ham tarixiy qarorlar qabul qilindi. Biz umummilliy referendum o‘tkazdik va yangi Konstitutsiyani qabul qildik. Fuqarolarimiz yangi Asosiy qonun uchun ovoz berishdi. Qozoq donishmandligida: “Birlik – farovonlik manbaidir”, deyiladi. Xalq birligi – davlatimiz o‘sishi va g‘alabalarining mustahkam poydevoridir”, deydi To‘qayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tez orada Qozog‘istonda tarixda ilk bor Qurultoyga saylovlar bo‘lib o‘tadi. U ushbu saylovlarni mamlakat hayotidagi eng muhim voqea deb atagan.

“Hozirda saylovoldi kampaniyasi ayni avjida. Partiyalar yuqori siyosiy madaniyat standartlarini namoyish etmoqda. Biz taqdirga daxldor voqealar bo‘sag‘asida turibmiz. Oldinda bizni juda mas’uliyatli davr kutmoqda. Jamlanib, bor tajribamiz va energiyamizni Vatanimiz farovonligi yo‘lida yo‘naltira olishimizga ishonaman”, deydi Qozog‘iston rahbari.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 15 martdagi respublika referendumida qabul qilingan yangi Konstitutsiya 1 iyuldan kuchga kirdi. Shu munosabat bilan Majlis va Senat o‘z faoliyatini tugatdi, ularning deputatlari vakolatlari esa bekor qilindi.

Endi Qozog‘iston parlamenti bir palatali bo‘ladi va Qurultoy deb ataladi. Uning tarkibiga besh yil muddatga saylanadigan 145 nafar deputat kiradi. Ular, shuningdek, parlament raisi va uning uch nafar o‘rinbosarini saylaydi.  

Bundan tashqari, To‘qayevning vakolat muddati yangi Konstitutsiya kuchga kirishi munosabati bilan nollashtirildi. Shu tariqa, To‘qayev mamlakat rahbarligi uchun yangi muddatga o‘z nomzodini qo‘yish huquqiga ega bo‘ldi.
 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing