Kimlarga kredit ta’tili beriladi va u o‘zi nima?
Tahlil
−
06 aprel 2020
22776Joriy yilning 3 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilindi.
Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish davrida aholini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish va iqtisodiyot tarmoqlari faoliyat ko‘rsatishining barqarorligini ta’minlash maqsad qilindi. Unda Markaziy bank zimmasiga ayrim yuridik va jismoniy shaxslar uchun shart-sharoitlar yaratish va tartib-taomillarni soddalashtirish choralarini ko‘rish vazifasi yuklatildi.
Unga ko‘ra, endilikda tijorat banklari tomonidan moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan yuridik va jismoniy shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlarga 2020 yil 1 oktyabrgacha kredit ta’tillari beriladi.
Kredit ta’tili o‘zi nima?
Kredit ta’tili bu – bank tomonidan mijozning (jismoniy yoki yuridik shaxs bo‘lgan qarzdor taraf) moliyaviy holati yomonlashgani va boshqa sabablarni (xizmat safariga jo‘natilishi, biror kasallik bilan kasallanishi va boshqalar) hisobga olib, olgan kreditining to‘lash majburiyatini ma’lum vaqtga kechiktirishga aytiladi.
Misol uchun, mijoz bankdan 100 million so‘mlik kredit oldi. Bankka har oyda 4 million so‘mdan (shundan 600 ming so‘m foizlar) to‘lov qilib borgan. Amaldagi og‘ir vaziyatni hisobga olib, bank mijozga 3 oy — iyun, iyul, avgust oylari uchun kreditning asosiy qarzini (yoki foizlarini ham) to‘lamay turishga vaqt berishi mumkin. 3 oy davomida to‘lanishi kerak bo‘lgan qarzdorlik (10,2 mln. so‘m asosiy qarz va 1 million 800 ming so‘m foizlar) yoki keyingi muddat davomidagi uch oyga suriladi yoki shu uch oylik to‘lovlar keyingi oylarga teng taqsimlab bo‘lib yuboriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozga qarshi kurashish sharoitida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida:
“Bitta korxona faoliyatini to‘xtatishiga ham “favqulodda holat” deb qaralishi kerak. Chunki bu korxonalar qanchadan-qancha ish o‘rinlari va oilalar daromadini ta’minlamoqda. Yil boshida barcha hokimlar tadbirkorlikni rivojlantirishi bo‘yicha murojaat qabul qilib, katta marralarni belgilab olgan edik. Hozir sinov davri. Qaysi hokim hisob-kitobini joy-joyiga qo‘yib, ichki rezerv, yaratilayotgan imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalansa, bu marralarga, albatta, erishadi. Tadbirkorlarni har taraflama qo‘llab-quvvatlash, mushkulini oson qilish va barcha zarur sharoitlarni yaratib berish hozirgi paytda har doimgidan ham muhim”, deb aytgandi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtgacha koronavirusga chalinganlar soni 390 nafarga yetdi. Ayni vaqtgacha koronavirusga chalinganlarning 30 nafari davolandi, 2 nafari vafot etdi.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi