Kurs UZS

USD

12 938.11

18.11

EUR

14 076.66

-25.52

RUB

149.99

0.47

Qirg‘izistondagi “Barselona” mojarosi yoxud akademiya boylarning arzandasi uchunmi?

Tahlil

Qirg‘izistonda 2023 yil Jalolobod shahrida qurib bitkazilgan, Markaziy Osiyodagi yagona “Barselona” akademiyasi va mamlakat poytaxti Bishkek shahrida qurilayotgan akademiyaning yana bir filiali bo‘yicha mojaro boshlandi. Qo‘shni Respublikada yangi qurilayotgan Kataloniya klubi akademiyasi filialida mamlakatdagi boy va amaldorlarning farzandlari tahsil oladi, degan mazmundagi yangiliklar paydo bo‘ldi. Qirg‘izistonning “Kloop” nashri bu borada mojaro kelib chiqishining asosiy sababchisi bo‘ldi. Davlat rahbari Sadir Japarov ham bu holatga munosabat bildirdi. Bu haqda sal keyinroq to‘xtalamiz.

Markaziy Osiyodagi ilk “Barselona” akademiyasi

Yuqorida aytib o‘tganimizdek, 2023 yilning yozida Qirg‘izistonning Jalolobod shahrida Markaziy Osiyodagi ilk “Barselona” akademiyasi foydalanishga topshirildi. Ochilish marosimida mamlakat Prezidenti Sadir Japarov va klub rahbari Joan Laporta ishtirok etdi. 30 avgust kuni esa “Barselona” klubi va Markaziy Osiyo futboli afsonalari o‘rtasida o‘rtoqlik o‘yini tashkil etildi. 

Ushbu akademiyaning qurilishi va ochilishi bilan bog‘liq barcha mas’uliyat Qirg‘iziston futbol ittifoqi va Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev va uning oila a’zolarida bo‘ldi. Ya’ni mazkur qurilish ishlarini Tashiyev va uning yaqinlari olib bordi.

Bishkekdagi “Barselona” akademiyasi ham Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyevning yaqinlari va qarindoshlari tomonidan qurilmoqda. Shuningdek, ushbu akademiya elita qoshida turarjoy maydonlari ham qurilishi rejalashtirilgan. Prezident departamenti mulkini boshqarish boshqarmasi qurilish uchun umumiy 17 gektar yer ajratgan. Bishkekdagi “Barselona” akademiyasi “Zhal Group Asia” kompaniyasi tomonidan qurilmoqda va 2027 yilda to‘liq qurib bitkazilishi rejalashtirilgan.

Mojaroni boshlagan sayt

Bishkekda yana 11 kompaniya “Barselona” akademiyasi loyihasida ishtirok etmoqda. “Kloop” va “Temirov Live” ushbu kompaniyalarni o‘rganib chiqdi va kompaniyalarning aksariyati Tashiyevning qarindoshlari va hamkorlari bilan bog‘liq ekanligini aniqladi. Ular orasida Tashiyevning jiyanlari, To‘lqinbek Qanibekov, Siymiq Tinibekov, kuyovi Nurlan Shaydillayev va Sadir Japarovning kuyovi Rakatbek Asanboyev ham bor. “Zhal Group Asia” kompaniyasi rahbari Oybek Aliboyev Qirg‘izistondagi ikkala “Barselona” akademiyasini ham Tashiyevlar oilasi qurayotgani va bu g‘oyani Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbarining o‘zi ilgari surayotganini yashirmadi. Akademiya qurilishida Tashiyevning yaqin safdoshlaridan tashqari Qirg‘izistonning eng yuqori martabaga ega bo‘lgan amaldorlariga aloqador bo‘lgan shaxslar ham ishtirok etmoqda. 

Bular:

“Muras Global Asia” MCHJ asoschisi Ulanbek Jo‘rayev Jo‘qorg‘i Keneshning sobiq deputati Murod Jo‘rayevning o‘g‘li. 2021 yilda Prezident Japarov sobiq tarafdori bo‘lgan kichik Jo‘rayev va Melis Aspekov 250 ming dollar undirganlikda ayblanib, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tomonidan hibsga olingan va ikki oy o‘tib Jo‘rayev uy qamog‘iga qo‘yib yuborilgan. Keyin u 260 ming som jarimaga tortilgan.

“Stroy Partner i Ko” MCHJ asoschisi Timur Ibrohimov Rossiyaning “Vega radiotexnika konserni” kompaniyasi hammuassisi bo‘lgan. Uning akasi Ramazon Ibrohimov Bosh prokuraturada boshqarma boshlig‘i hisoblanadi. Ulanbek Jo‘rayev esa ijtimoiy tarmoqlarda Ibrohimovlarning qarindoshi ekani yozilgan.

“Softprom” MCHJ asoschisi Qalibek Akmatov Bojxonani raqamlashtirish departamentini boshqargan. Uning otasi Bolotbek Akmatov Oliy sud sudyasi.

“Kloop”da Vazirlar Mahkamasi tomonidan aynan Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosarlarining do‘stlari va yaqinlari soliqdan ozod qilingani aytilgan. Bu esa ochiq-oydin manfaatlar to‘qnashuvi.

“Barselona” akademiyasidan tashqari “Zhal Group Asia” kompaniyasi “Barselona” ko‘p funksiyali turarjoy majmuasini qurmoqda. U poytaxtning janubida, tog‘ etagida joylashgan 17 gektar maydonda quriladi. Majmua markazida futbol akademiyasi joylashadi. Uning atrofida 1600 ga yaqin hashamatli xonadonlar, bolalar bog‘chasi, maktab, mehmonxona, biznes markazi va boshqa binolar quriladi. Turarjoy majmuasining subpudratchisi “Hai Tien” kompaniyasi Xitoyning “Hai Tien Group”  qurilish kompaniyasining Qirg‘izistondagi shubasi hisoblanadi. “Hai Tien” ham akademiya qurilishi uchun QQS va savdo solig‘idan ozod qilingan kompaniyalar qatorida keltirilgan.

“Zhal Group Asia ” kompaniyasi soliqdan ozod qilinishidan tashqari yana bir imtiyozga ham ega bo‘ladi. Bu yangi turarjoy majmuasi va akademiya uchun yer maydonini Prezident mulkini boshqarish boshqarmasidan ijaraga olishi bilan bog‘liq. Shuningdek, “Barselona” uchun yer ijarasi qanchaga tushishi va “Zhal Group Asia”ning Prezident mulkini boshqarish bo‘limi bilan qanday kelishuvlari borligi ochiqlanmagan. Jamoat hujjatlarida kompaniya ijara haqini to‘lagani haqida hech qanday ma’lumotlar yo‘q. “Business Expert”ning mustaqil baholovchilari ushbu hududdagi yerning kvadrat metri 378 dollarga tushishini hisoblab chiqdi. Ya’ni 17 gektar yerning taxminiy qiymati 64.3 million dollarga baholangan.

“Barselona” akademiyasida tahsil olish qanchaga tushadi?

“Zhal Group Asia” kompaniyasi prezidenti Oybek Aliboyevning so‘zlariga ko‘ra, turarjoy majmuasi qurilishi 2027 yilning avgust oyida to‘liq yakunlanadi. Uning ta’kidlashicha, “Barselona” turarjoy majmuasida 180 ming kvadrat metr turarjoy va tijorat ko‘chmas mulki bo‘ladi va majmuadagi binolarning kvadrat metrning narxi 2 ming dollardan boshlanadi, ya’ni ishlab chiqaruvchining umumiy daromadi 360 million dollardan kam bo‘lmaydi. 

Hozirda Jalolobodda turarjoy bilan o‘qish yiliga 19 ming 500 dollar, turarjoysiz esa 12-15 ming dollar hisoblanadi. Bu esa Bishkekdagi o‘rtacha oylik maoshi taxminan 450 dollarni tashkil etuvchi odamlarning “Barselona” majmuasiga kirishi imkonsizligini anglatadi. Bu yerda faqat badavlat kishilargina farzandlarini o‘qitib, kvartira sotib olishlari mumkin bo‘ladi.

Sadir Japarovning bu holatga reaksiyasi qanday bo‘ldi?

Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov mamlakatdagi “Barselona” futbol akademiyasi atrofidagi gap-so‘zlarga izoh berib, mamlakat milliy terma jamoasida amaldor va boy insonlarning farzandlari o‘ynamayotganini bildirdi. 

“Sport qarindoshchilikni tushunmaydi. Ayniqsa, futbolda iqtidor bo‘lmasa, podshohning o‘g‘li bo‘lsa ham jamoaga qabul qilinmaydi. Kuchli bo‘lsang, viloyatlardan kelgan dehqonning o‘g‘li bo‘lsang ham, seni mamnuniyat bilan qabul qilishadi. Qirg‘iziston terma jamoasining hozirgi tarkibiga qarang. U yerda birorta boyning yoki amaldorning o‘g‘li yo‘q. Aksincha, o‘ynayotgan yigitlar oddiy xalqdan. Masalan, marhum Jonibek Aliqulov – uning o‘g‘li jamoamizda hujumchi sifatida o‘ynaydi. U amaldor emas, oddiy artist, hajvchi edi”, deydi Sadir Japarov.

Japarov shuningdek, mamlakatda 1600 ta xonadon qurilishida Prezident va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisining qarindoshlari ishtiroki bormi, degan savolga javob berdi.

“Kim qurilishda ishtirok etsa, yaxshi. Bu keng qamrovli loyiha, uy-joy qurish bilan birga futbol akademiyasi, bolalar bog‘chalari, ta’lim muassasalari, ikkita stadion va boshqa infratuzilma ob’ektlari qurilmoqda. Shu jumladan turarjoy binolari. Uy-joy sotishdan olingan daromad men sanab o‘tgan ijtimoiy ob’ektlarni qurishga, shuningdek, franchayzing uchun to‘lovga yo‘naltiriladi. Bu loyiha faqat 20-30 yil ichida o‘zini oqlaydi. Agar “Kloop”dagilar qurilishda ishtirok etishni istasa, kelsin. Ularga 3-4 blok beraylik, qursinlar, lekin ular bitta g‘isht qo‘ya olishlariga ham ishonchim komil emas. Oxirgi 30 yil ichida odamlar bunday tanqidchilar haqida hamma narsani tushunib yetdi. It hurar – karvon o‘tar”, deydi Japarov.

Albatta, bu kabi akademiyalarning mamlakatda bo‘lishi, qaysi davlatda bo‘lmasin, O‘zbekiston, Qirg‘iziston farqi yo‘q, futboli rivojlanayotgan davlatlarda bunday mashhur jamoalarning akademiyalari ochilishi mamlakatdagi aholini, xususan, yosh avlodni futbolga bo‘lgan qiziqishini oshirishi tayin. Ammo futbolni rivojlantirish, mahalliy futbolchilarni jahonning eng kuchli ligalarida, klublarida to‘p tepishni maqsad qilgan davlat mana bunday qimmat akademiyalarni ko‘paytirmasdan, ichki chempionatni kuchaytirish kerak. Shundan keyingina “futbol sovchilari”, ya’ni skautlar mahalliy chempionat futbolchilarini kuzatuvga olib, o‘z chempionatiga taklif qiladi. Bu esa 360 million dollarlik bir nechta akademiya qurishdan ancha arzonroqqa tushadi.


Maqola muallifi

Teglar

Jalolobod Qirg'iziston Barselona Sadir Japarov Qamchibek Tashiev “Barselona” akademiyasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing