“Qattiq javob beramiz”. Saudiya Ar-Riyod aeroportini yopdi va husiylarni ogohlantirdi
Olam
−
16:58 2404 2 daqiqa
Kecha, 12 oktyabr kuni Saudiya Arabistoni Fuqarolik aviatsiyasi bosh boshqarmasi Podshoh Xolid nomidagi xalqaro aeroport faoliyatini to‘xtatib turish muddati uzaytirilgani haqida e’lon qildi, biroq aniq muddat bo‘yicha ma’lumot bermadi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Fors ko‘rfazi mamlakatlariga parvozlarni amalga oshiruvchi aviakompaniyalardan biridagi manbaning so‘zlariga ko‘ra, kecha, 12 oktyabr kuni Saudiya aviatsiya hukumatidan olingan bildirishnomaga asosan, aeroport faoliyati Saudiya Arabistonida ish haftasi oxirigacha to‘xtatib turiladi. Ar-Riyod metropolitenining yuqori lavozimli vakili ham AFP agentligiga ma’lum qilishicha, hukumat aeroportga xizmat ko‘rsatuvchi uchta bekatga poyezdlar harakatini vaqtincha to‘xtatgan.
Saudiya Arabistoni Energetika vaziri Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi Yamandagi husiylar harakatining podshohlikdagi aeroportlar hamda neft-gaz ob’ektlariga uyushtirgan halokatli hujumlariga “jiddiy” javob qaytarishni va’da qilgan.
“So‘nggi haftalardagi voqealar juda jiddiy xususiyatga ega. Bizning javobimiz ham shunga yarasha jiddiy bo‘lishi kerak”, deydi shahzoda Abdulaziz bin Salmon Ar-Riyodda o‘tkazilayotgan WPC Butunjahon energetika kongressida so‘zlagan nutqida.
Husiylar ushbu zarbalarni Yaman g‘arbidagi o‘z nazorati ostida bo‘lgan hududlarga uyushtirilgan “Saudiyaning shafqatsiz tajovuzi”ga javob ekanini bildirgan.
Husiylar nazoratidagi Sog‘liqni saqlash vazirligining xabar qilishicha, joriy yilning 11 oktyabr kuni Saudiya Arabistoni tomonidan Yaman poytaxti Sanodagi turarjoy binosiga berilgan aviazarba oqibatida bir bola halok bo‘lgan, yana olti kishi jarohat olgan.
Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya Qizil dengiz sohillarida va Yamanning boshqa hududlarida husiylarga qarshi jang olib borayotgan Yaman hukumatparast kuchlarini havodan qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
WPC Butunjahon energetika kongressi joriy yilning 11 oktyabr kuni Ar-Riyod aeroportidan taxminan 10 km uzoqlikda joylashgan kongress-markazida o‘z ishini boshlagan. Ushbu aeroport o‘tgan hafta davomida to‘rt marta hujumga uchragan.
Saudiya hukumatining ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan kuni mamlakat shimoli-sharqidagi Dammam shahrida joylashgan yana bir – Shoh Fahd nomidagi xalqaro aeroport ham hujumga uchragan. Bir necha soat o‘tib, Yamandagi saudiyaliklar boshchiligidagi koalitsiya kuchlari husiylar tomonidan Saudiya Arabistoni janubi-g‘arbidagi Xamis-Mushayt shahri tomon uchirilgan dron va raketani urib tushirgani haqida xabar tarqaldi.
Eslatib o‘tamiz, 10 oktyabr kuni Yamandagi Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan husiylar Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyoddagi xalqaro aeroportga hujum qilgan edi. Oqibatda kamida 12 kishi halok bo‘lib, yana 309 kishi yaralangan. Hujum oqibatida ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi ham yengil jarohat olgandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyoddagi Podshoh Xolid xalqaro aeroportiga husiylar tomonidan uyushtirilgan hujumni qat’iy qoralagan edi.
Live
Barchasi