Fransiyada o‘quvchilar namoyishi ortidan maktablar yopiladi

Olam

−

image

Fransiyada o‘quvchilar namoyishlari fonida bugun, 5 oktyabr kuni 400–500 ta maktabda darslar to‘liq yoki qisman to‘xtatiladi. Bu haqda Fransiya ta’lim vaziri Eduar Jefre kecha, 4 oktyabr kuni bergan bayonotida ma’lum qildi.

Uning aytishicha, maktablardagi xavfsizlik sharoitlari “ta’minlanmagani” sabab darslar to‘xtatiladi. Vazirning qo‘shimcha qilishicha, namoyishlar boshlanganidan beri mamlakatdagi 24 ta maktab yoqib yuborilgan yoki talon-toroj qilingan. Shuningdek, 78 nafar ta’lim xodimi jarohatlangan.

U faoliyati to‘xtatiladigan maktablar soni joriy yilning 2 oktyabr kungi ko‘rsatkichiga yaqin bo‘lishini aytgan. Hukumat esa darslarni “bosqichma-bosqich, qisman tiklash”ni rejalashtirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta Fransiya bo‘ylab minglab o‘quvchilar ta’lim tizimining yetarlicha moliyalashtirilmayotgani va e’tiborsiz qoldirilayotganiga norozilik bildirib, namoyishlar o‘tkazgani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, Fransiyada o‘quvchilar namoyishlari vaqtida kamida ikki maktabda yong‘in chiqqandi.

Namoyishchilar va tartibni saqlash kuchlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda yuzlab odam jarohatlangan. 5 mingdan ortiq kishi, asosan voyaga yetmaganlar, hibsga olingan.

Nashrga ko‘ra, rasmiylar namoyishchilarga siyosiy faollar ham qo‘shilganini ta’kidlamoqda. Ta’lim vaziri Eduar Jefrening so‘zlariga ko‘ra, ayniqsa o‘ta so‘l faollar maktab o‘quvchilari harakatiga aralashib, ularni o‘z manfaatlariga burib yuborgan va zo‘ravonlikni kuchaytirgan.

“Bu, shubhasiz, xodimlarimiz va o‘quvchilarimiz uchun xavf tug‘diradi”, degan Jefre.

Uning qayd etishicha, jarohatlangan ta’lim xodimlari ataylab nishonga olingan.

“Biz ilgari bunday holatga hech qachon duch kelmaganmiz”, degan vazir.

Ma’lum qilinishicha, o‘quvchilar sinflarning haddan tashqari gavjumligi, ayrim sinflarda 40 nafargacha bola o‘qishi, eskirgan va yaroqsiz maktab binolari, o‘qituvchilar maoshining pastligi hamda xodimlar yetishmasligidan norozi. Shuningdek, universitetlarga hujjat topshirish uchun mo‘ljallangan murakkab onlayn tizim, jazirama kunlarda sinfxonalarning haddan tashqari qizib ketishi ham noroziliklarga sabab bo‘lgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing