Eron Hormuz bo‘g‘ozini ochish uchun AQSHga talab qo‘ydi
Olam
−
11:30 2876 2 daqiqa
Eron Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochish uchun AQSHga bir qator talablarni qo‘yib, Vashington o‘z xatti-harakatlarini o‘zgartirmaguncha strategik suv yo‘li ochilmasligini bildirdi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Eron Oliy milliy xavfsizlik kengashi AQSH bundan buyon Eronga tahdid qilmasligi, Eron va mintaqadagi ittifoqchi qurolli guruhlarga qarshi urushni to‘liq to‘xtatishi kerakligini bildirgan.
Shuningdek, Vashingtondan Eron portlariga o‘rnatilgan dengiz blokadasini bekor qilish, harbiy kuchlarini hududdan olib chiqish, urush oqibatida yetkazilgan zararni to‘liq qoplash, Eronga qarshi sanksiyalarni bekor qilish hamda muzlatilgan aktivlarni hech qanday shartsiz ozod qilish talab qilingan.
Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi navigatsiya, xususan, tranzit yo‘nalishini belgilash masalasida kelishuvga erishishga yaqin ekanliklarini aytgan. Biroq uning ta’kidlashicha, bo‘g‘ozning ochilishi boshqa shartlarning bajarilishiga bog‘liq.
Muzokaralarda vositachilik qilayotgan Ummon tomonlar o‘rtasidagi muzokaralar “ijobiy va konstruktiv muhitda” davom etayotganini ma’lum qilgan.
Shu bilan birga, Eron Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tuvchi kemalardan to‘lov undirishni istamoqda. AQSH esa bunday to‘lovlarga qarshi chiqmoqda.
Yakuniy kelishuv bo‘yicha muzokaralar uchun belgilangan 60 kunlik muddat bir haftadan sal ko‘proq vaqt ichida tugashi kutilmoqda. Biroq tomonlar bu muddatni uzaytirishi mumkin.
Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon esa hozir kelishuvga erishish uchun eng yaxshi vaqt ekanini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda hamjihatlik, kuch va birlik mavjud.
Ma’lumot uchun, Hormuz bo‘g‘ozi jahon neft va tabiiy gaz ta’minoti uchun muhim strategik suv yo‘li hisoblanadi. Hozirda u orqali kemalar qatnovi keskin kamaygan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oq uy rahbari Donald Tramp Yaqin Sharq mamlakatlarining iltimosiga binoan Eronga beriladigan zarbalarni vaqtincha to‘xtatishga buyruq berganini ma’lum qilgan edi.
Live
Barchasi