“Biz podsho emasmiz”. Infantino somalilik hakam yuzasidan izoh berdi
Sport
−
11 iyun 7833 2 daqiqa
FIFA prezidenti Janni Infantino AQSH vizalari bilan bog‘liq bahslarga munosabat bildirib, tashkilot davlatlar va huquq-tartibot idoralari qarorlariga aralasha olmasligini ma’lum qildi. Bu haqda kecha, 10 iyun kuni Janni Infantino matbuot anjumanida so‘z ochdi.
Infantino Somalilik hakam Umar Artanning AQSHga kirishiga ruxsat berilmagani haqidagi savolga javob berar ekan, FIFA’ning bunday masalalarda vakolati cheklanganini aytdi.
“Biz Oyda emas, Yer sayyorasida yashayapmiz. Biz hukumatlar va politsiyani boshqara oladigan dunyo podsholari emasmiz. FIFA – bu sport tashkiloti. Biz qo‘limizdan kelgancha harakat qilamiz. Ba’zan xotirjam bo‘lish ham muhim. Barcha muammolarni hal qilish ustida ishlayapmiz, ammo har doim ham baqirish va tanqid qilish yechim topishga yordam bermaydi”, deydi Infantino.
Uning aytishicha, Umar Artan bilan bog‘liq holat noxush voqea bo‘lgan, ammo FIFA rasmiylarga kim mamlakatga kirishi yoki kirmasligi kerakligini ko‘rsata olmaydi.
2025 yil iyun oyida AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Somali ham kiruvchi 12 davlat fuqarolari uchun vizalar berishni to‘liq cheklagan edi. Rasmiy izohda ushbu mamlakatlar “tekshiruv va xavfsizlik talablariga yetarli darajada javob bermaydi” deb baholangan.
Artan Jahon chempionati final bosqichida ishlaydigan birinchi somalilik hakam sifatida tarixga kirgan edi. U 2025 yilda Afrika futbol konfederatsiyasi (CAF) tomonidan qit’aning eng yaxshi hakami deb topilgan.
BBC manbasiga ko‘ra, AQSH rasmiylari tekshiruv jarayonida Artanning terrorchilik tashkilotlari bilan ehtimoliy aloqalari haqida ma’lumotlar aniqlanganini bildirgan.
Hakamning o‘zi esa “The New York Times” nashriga bergan intervyusida chegara xizmati xodimlari undan “Ash-Shabab” guruhi bilan ehtimoliy aloqalari haqida so‘roq qilganini, ammo u bu tashkilot bilan hech qanday bog‘liqligi yo‘qligini aytgan.
Ma’lumot uchun, “Ash-Shabab” 2004 yilda Somalida tashkil etilgan bo‘lib, “Al-Qoida” bilan bog‘liq terrorchilik guruhi sifatida ko‘plab davlatlar tomonidan taqiqlangan.
2026 yilgi Jahon chempionati bugun, 11 iyun kuni Meksika va Janubiy Afrika terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv bilan start oladi. Bahs Toshkent vaqti bilan 23:50 da boshlanadi.
Live
Barchasi