“Bir qadam yetmay qoladi”gan davrdan Jahon chempionatigacha yoxud 34 yillik yo‘l

Tahlil

Reklama
0:00

O‘zbekiston “marojni” yegani ketmayapti! Ha, to‘g‘ri eshitdingiz. Bundan bir necha yil avval Hojiboy Tojiboyevning o‘sha mashxur “Borib bitta-bitta “marojni” yeb kelsa ham mayli edi” degan o‘zbek futboli haqidagi hazili aytilgandi. Tan olish kerak, bu ham kulgili, ham alamli bir xazil bo‘lgandi. Taqdirni qarangki, bugun O‘zbekiston milliy terma jamoasi vakillari futbol bo‘yicha Jahon chempionatida ishtirok etish uchun Shimoliy Amerika qit’asida bo‘lib turibdi. Maqsad esa, Hojiboy aka aytganlaridek muzqaymoq yeyish emas. Maqsad – astoydil g‘alaba. To‘g‘ri eshitdingiz, maksimal g‘alaba! Axir aytishganku, tog‘dek so‘rasang, qirdek berishadi deb, shunday emasmi?! 

Hozir esa, sizlarga Milliy terma jamoaning bugungi kungacha yetishgan marralarining sababi shunchaki lotoreya emas, qanchalik mehnat talab qilgani, sabr va asablarni sinaganini eslatadigan kichik bir hikoya aytib bermoqchiman. Ayniqsa, mamlakat rahbari aytganidek, Futboldan korrupsiya yo‘qolsa, yoki hech bo‘lmaganda kamaysa, nimalar bo‘lishi mumkinligi haqida so‘zlamoqchiman. Demak, yaxshilab joylashib oling, men boshladim! 

Muqaddima

Ba’zi hikoyalar bor – ular bitta o‘yin, bitta gol yoki bitta saralash bilan boshlanmaydi. Ular yillar davomida yig‘iladi, statistik jadvalning alamli raqamlaridan, yo‘qotilgan imkoniyatlardan va ko‘p takrorlangan “bir qadam qolgandi” so‘zidan quriladi. 
11 iyun kuni start olgan Mundial oldidan o‘tkazilgan so‘nggi ikki o‘rtoqlik o‘yini natijalari O‘zbekiston milliy terma jamoasi muxlislarini ikki tarafga ajratdi. Bir tomon Kanadaga yutqazgan terma jamoamiz Jahon chempionatida nima ham qilar edi desa, yana kimdirlar mundilda uchraydigan barcha mag‘lubiyatlarga ham rozi. Axir 34 yil kutganmiz yo‘llanma olishni. Futbol olamining eng nufuzli turniriga 1 qadam qolganida ortga qaytishlar, alamli mag‘lubiyatlar, muxlislarning ko‘z yoshi bilan va nihoyat O‘zbekiston yetib keldi. Keling, ko‘rib chiqamiz – bu tarix qanday shakllanganini. 

Mustaqil jamoaning ilk parvozlari

O‘zbekiston futbolining mustaqillikdan keyingi yo‘li hujjatlarda 1992 yildan boshlanadi. O‘sha davrda asosiy vazifa xalqaro tizimga integratsiya qilish, milliy chempionatni shakllantirish va terma jamoani FIFA hamda OFK doirasidagi rasmiy musobaqalarga moslashtirish edi. Shu nuqtadan boshlab Jahon chempionati saralashlari faqat sport jarayoni emas, balki mamlakat futbol tizimining real holatini ko‘rsatib beruvchi eng asosiy indikatorga aylandi. 1994 yilgi Osiyo o‘yinlaridagi chempionlik esa bu jarayonning ilk statistik signali sifatida qayd etiladi. 

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionati saralashlarida ilk bor 1996–1997 yillardan boshlab ishtirok eta boshlagan. 1998 yil Fransiyada bo‘lib o‘tadigan mundial saralash bosqichi esa, birinchi haqiqiy sinov bo‘ldi. O‘shanda final bosqichida O‘zbekiston Janubiy Koreya, Yaponiya, BAA va Qozog‘iston bilan bir guruhga tushgandi. Tarkib dahshat – Mirjalol Qosimov, Igor Shkvirin, Oleg Shatskix. 

O‘zbekiston Osiyo mintaqasida yangi nom sifatida maydonga chiqdi. Yakuniy ikkinchi bosqichda 10 ta jamoa 5 tadan iborat ikki guruhga bo‘lindi. Guruhlarida birinchi o‘rinni egallagan jamoalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Jahon chempionatiga yo‘llanma olar edi. Ikkinchi o‘rinni egallagan jamoalar esa bir-biri bilan uy hamda safar o‘yinlarini o‘tkazishi kerak edi. Ammo undagi g‘alaba ham yetarli bo‘lmasdi. Qit’a pley-offida g‘alaba qozongan jamoa OFK (Okeaniya) jamoasiga qarshi qit’alararo pley-offda qatnashishi shart etdi. Bu saralash tizimida O‘zbeksiton terma jamoasi so‘nggi ikkinchi turdan so‘ng, o‘z guruhida to‘rtinchi o‘rinni egalab, Jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kirita olmagan. Bu davrni ko‘plab tahlillar “potensial mavjud, lekin realizatsiya past” degan xulosa bilan ifodalaydi.

Shu davrdan boshlab bir doimiy tendensiya shakllanadi: jamoa har safar oldingidan kuchliroq ko‘rinardi, lekin hal qiluvchi nuqtada kichik ochkolar yetishmay qolaveradi. Shundan keyingi har bir Jahon chempionati sikli O‘zbekiston futboli uchun bir-biridan farqli, lekin struktura jihatdan o‘xshash ssenariyni takrorlayveradi. 

Yangi asrning yangi muammolari

2002 yilda vaziyat biroz o‘zgardi. Tarkib kuchaydi, individual daraja oshdi, biroq struktura o‘sha darajada tez rivojlanmadi. Statistik ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston o‘sha bosqichda ko‘plab o‘yinlarda raqiblarga teng yoki ulardan ustun o‘ynagan, ammo saralashning muxim nuqtalarda ochkolar yo‘qotilgan. Bu bosqichning yakuniy ikki turigacha O‘zbekistonda jahon chempionatiga chiqish imkoniyati juda yaxshi bo‘lgan. Ammo oxirgi o‘yinlardagi ochko yo‘qotishlar sabab O‘zbekiston terma jamoasi o‘z guruhida uchinchi o‘rinni egalladi va Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmadi. Xitoy O‘zbekiston guruhidan birinchi o‘rinni va Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi, BAA terma jamoasi esa, O‘zbekistondan atiga bir ochko ko‘p to‘plab ikkinchi o‘rin bilan qit’a pley-off bosqichiga yo‘llanma oldi. 

Bekor qilingan g‘alaba

2006 yilgi JCH uchun saralash jarayoni esa alohida tahlil ob’ektiga aylangan davr hisoblanadi. O‘sha siklda O‘zbekiston jamoasi Osiyo miqyosida eng kuchli jamoalarga yaqinlashdi, ba’zi hollarda statistik ustunlik ham qayd etildi. Biroq pley-off va hal qiluvchi o‘yinlarda minimal farqlar natijani belgiladi. Aynan shu bosqichdan boshlab “bir qadam yetmay qolish” fenomeni futbol tahlilchilarining asosiy terminiga aylandi. Bu holat tasodifiy emas, balki takrorlanuvchi muammo sifatida qayd etildi. Yakuniy uchinchi bosqichda 8 ta jamoa har biri 4 ta jamoadan iborat ikki guruhga bo‘lindi. Afsuski, O‘zbekiston terma jamoasi o‘z guruhida uchinchi o‘rinni egalladi va qit’a pley-off bosqichiga yo‘llanma oldi. Saudiya Arabistoni va Janubiy Koreya guruhlardan birinchi va ikkinchi o‘rinlarni egallab Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Guruhlarida uchinchi o‘rinni egallagan jamoalar – O‘zbekiston va Bahrayn qit’a pley-offiga to‘qnash keldi. 

2005 yil 3-sentyabrda qit’a pley-offining birinchi bosqichidan so‘ng janjal kelib chiqdi. O‘yin Toshkentda bo‘lib o‘tgan va 1:0 hisobidagi O‘zbekiston g‘alabasi bilan yakunlangan. Keyinchalik ushbu o‘yin natijasi futbol tarixida kamdan-kam uchraydigan nomni oldi. Ya’ni qoidalar buzilishi sababli bekor qilindi. 2005 yil 8-oktyabrda qayta o‘tkazilgan o‘yin 1:1 hisobida yakunlandi. Bahrayndagi javob uchrashuvi esa 0:0 hisobida tugadi va Bahrayn safardagi gol evaziga ustunlikka ega bo‘lib O‘zbekistonni yana bir bor mundialdan mahrum qildi. 

Eng yomon saralash

2010 yilga kelib jamoa allaqachon Osiyo futbolining yuqori qatlamida mustahkam o‘rin egallagan edi. FIFA reytingi, o‘yin statistikasi va individual futbolchilar darajasi sezilarli o‘sishni ko‘rsatdi. Ammo shunga qaramay saralashning so‘nggi to‘rtinchi bosqichida O‘zbekiston o‘z guruhida beshinchi o‘rinni egalladi. Avstraliya va Yaponiya birinchi va ikkinchi o‘rinlarni egallab, Jahon chempionatiga yo‘l oldi. Bahrayn esa qit’a pley-offiga chiqdi. Bu natija O‘zbekiston uchun eng yomon saralashlardan biri sifatida tarixga kirdi. Jamoani ushbu bosqichda avval Rauf Inileyev, keyin esa Mirjalol Qosimov boshqardi.

“Bollarda ayb yo‘q!”

2014 yilgi siklda O‘zbekiston uzoq vaqt davomida ikkinchi o‘ringa yaqin yurdi, ammo so‘nggi o‘yinlardagi yo‘qotishlar imkoniyatni yo‘qqa chiqardi. Koreya Respublikasi gollar farqi evaziga ustunlikni qo‘lga kiritdi. Natijada, yana qit’a pley-offi, yana Bahrayn! Taassufki, bu safar ham O‘zbekiston bo‘rilari bu to‘siqdan o‘ta olmadi. Mirjalol Qosimovning o‘sha mashhur memlarga aylanib ketgan “bollarda ayb yo‘q” iborasi aynan shu davrda aytilgan edi.

Babayan aybdormi, yoki Eron?

2018 yil – yangi davr boshlandi. O‘sha yilgi sikllar boshida O‘zbekiston futboli tizimni qayta qurish davriga to‘g‘ri keladi. Akademiyalar ochildi, tizimdagi korrupsiyaga qarshi kurashish kuchaytirildi, yoshlar tizimi va klublarga e’tibor oshdi. Ha, natijalar kechikdi, ammo poydevor mustahkamlandi. Butun boshli federatsiya assotsiatsiyaga o‘zgartirildi. Viloyatlarda hududiy futbol assotsiatsiyalari tashkil qilindi va har bir yosh toifasida terma jamoalar shakllantirildi. 

2015 yilda O‘zbekiston terma jamoasi Rossiyada bo‘lib o‘tgan 2018 yilgi Jahon chempionati saralash bosqichida ishtirok etishni boshladi. Bu o‘z tarixida 6-marta urinish edi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi yuqori reytingi sababli Osiyoning eng kuchli jamoalari qatori saralashni ikkinchi bosqichdan boshladi. Bu bosqichda O‘zbekiston KXDR, Filippin, Bahrayn va Yaman terma jamoalariga qarshi uyda va safarda o‘yin o‘tkazishi kerak edi. Maqsad – guruh g‘olibi bo‘lib, keyingi, final saralash bosqichiga yo‘l olish edi. 

Kurash yakunida O‘zbekiston ikkinchi o‘rinni egallagan Shimoliy Koreyani 5 ochkoga ortda qoldirib, guruhda 1-o‘rinni egalladi va keyingi bosqichga chiqdi. Final bosqichda 10 ta terma jamoa 5 tadan 2 guruhga bo‘lindi. Guruhda 1 va 2-o‘rinlarni egallagan jamoalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Jahon chempionatiga yo‘llanma olardi. 3-o‘rin egalariga esa ikki bosqichli pley-off o‘yinlari berilardi. Bu bosqichda g‘olib chiqqan jamoa keyinchalik KONKAKAF vakiliga qarshi yana ikki o‘yinli pley-offda qatnashib, Jahon chempionatiga yo‘llanma uchun kurashardi. 

Final saralash bosqichi yakuniga kelib, O‘zbekiston terma jamoasi mundialga chiqish uchun katta imkoniyatga ega edi. Biroq Suriya va Xitoyga qarshi kutilmagan mag‘lubiyatlar, ikkalasi ham safarda minimal hisobda bo‘lgan, shuningdek Eron va Janubiy Koreyaga qarshi mag‘lubiyat va duranglar yetarli ochkolar to‘planishiga to‘sqinlik qildi. Natijada O‘zbekiston o‘z guruhida 6 ta jamoa orasida 4-o‘rinni egalladi va hatto kontinental pley-off bosqichiga ham chiqa olmadi. O‘z tarixidagi eng yomon natijalardan biri edi bu. 

Guruhdan Eron va Janubiy Koreya Jahon chempionatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma oldi, Yaponiya va Saudiya Arabistoni esa B guruhi orqali mundialga chiqdi. Suriya esa bir gol farqi evaziga 3-o‘rinni olib, Avstraliyaga qarshi pley-off o‘yinlarida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Aslida bu natijaga Eronning ham qaysidir ma’noda hissasi bor edi. Sharhlovchi Xayrulla Hamidov o‘sha o‘yinning sharhidayoq hammasini dangal aytib tashlagan edi.
Anzur Ismoilovning ko‘pchilik xozirgacha alamli kulgi bilan eslaydigan intervyusi ham mana shu o‘yindan so‘ng olingan.

2018 yilgi Jahon chempionati saralash natijalari O‘zbekiston terma jamoasi tarixidagi eng omadsiz davrlardan biri bo‘lib qoldi. Shunisi e’tiborga loyiqki, butun saralash sikli davomida jamoani ilk bor bir murabbiy – Samvel Babayan boshqardi. Bu esa alohida mavzu. Uni futbol muxlislari yaxshi biladi. 

Yangi davrning eski gaplari

2022 yilgi bosqich esa, yangi avlod kirib kelgan davr bo‘ldi. Tarkib yoshardi, Yevropa ligalarida o‘ynayotgan futbolchilar soni oshdi, texnik va taktik sifatlar yaxshilandi. Biroq pandemiya, format o‘zgarishi va murabbiylar shtabidagi xatolar natijani yana salbiy yakunladi. Bunga uzoq to‘xtalib o‘tirishning ham hojati yo‘q, aslida. 

Yelkasiga shamol tekkan o‘zbegim

Endi esa 2026 yilgi sikl… bu davrga kelib 10 yil oldin akademiyalarga berilgan e’tibor o‘z mevasini bera boshladi. Abduqodir Husanov va Abbos Fayzullayev kabi futbolchilar terma jamoada va xalqaro maydonda o‘z o‘rnini topdi. Futbol assotsiatsiyasining murabbiylar o‘zgarishi borasidagi qarori ham o‘zini oqladi. 

2026 yilgi mundial yo‘llanmasi uchun saralashning hal qiluvchi bosqichida O‘zbekiston “A” guruhidan joy oldi. Raqiblar orasida eski tanishlar – Osiyoning eng kuchli jamoalaridan Eron, Qatar va BAA, shuningdek, Qirg‘iziston hamda Shimoliy Koreya bor edi. Guruhning ilk ikki o‘rni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Jahon chempionatiga chiqishni ta’minlardi. O‘zbekiston dastlabki turlardayoq Qirg‘iziston va Shimoliy Koreya ustidan muhim g‘alabalarni qo‘lga kiritdi. Bosqichning o‘rtalariga kelib O‘zbekiston Eron bilan yetakchilik uchun kurash olib bordi, BAA va Qatar esa ta’qibchi sifatida pley-off uchun kurashdi. 

2025 yil 5 iyun kuni Abu-Dabida BAAga qarshi kechgan uchrashuv O‘zbekiston futboli tarixidagi eng muhim bahslardan biriga aylandi. Murosasiz kechgan o‘yin 0:0 hisobida yakunlandi. Mazkur durang O‘zbekistonga guruhdagi dastlabki ikki o‘rindan birini kafolatlash imkonini berdi. Final hushtagi yangragan zahoti butun mamlakat bo‘ylab bayram boshlandi. Shu tariqa O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor FIFA Jahon chempionatiga chiqdi.

Har safar bir qadam qolganda qoqiladigan O‘zbekiston bu safar bir qadam oldin hammasini hal qildi. Uchinchi saralash bosqichining yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston Osiyoning eng kam gol o‘tkazgan jamoalaridan biri bo‘ldi. Hozir O‘zbekiston Jahon chempionatining ilk uchrashuvini o‘tkazish ostonasida turibdi. Bugungi muvaffaqiyatga Eldor Shomurodov, Jalolddin Masharipov, O‘tkir Yusupov, Otabek Shukurov, Abbos Fayzullayev va Abduqodir Husanov va umuman, terma jamoaning barcha vakillari – “Oq bo‘rilar” bilan erishildi. 

Bu hali hammasi emas!

Bir paytlar faqat orzu bo‘lib ko‘ringan maqsadni yangi avlod futbolchilari bugun real vazifaga aylantira oldi. Ammo bu yo‘lda ko‘plarni mehrini qozongan va o‘zbek futbolining katta vakillariga aylangan Mirjalol Qosimov, Maksim Shatskix, Aleksandr Geynrix, Odil Ahmedov, Server Jeparov, Vitaliy Denisov, Ignatiy Nesterov, Temur Kapadze kabi nomlarni ham alohida e’tirof etish kerak. Shu sababli, O‘zbekiston futbolining bugungi holatini faqat Jahon chempionatidagi natijalar bilan o‘lchash to‘liq tasavvur bermaydi. Chunki, terma jamoa eng muhim vazifalardan birini allaqachon bajardi – u butun bir avlodning ishonchini oqladi va o‘zbek futboli erisha oladigan chegaralar haqidagi tasavvurni o‘zgartirdi. Bir vaqtlar imkonsizdek tuyulgan marraga yetib kelishning o‘zi tarixiy voqeadir. 

Endi Jahon chempionati O‘zbekiston futboli uchun orzu emas, balki yangi bosqichdir. U yerda qayd etiladigan har bir natija, qo‘lga kiritiladigan har bir ochko yoki g‘alaba tarixning yangi sahifalarini yozishi mumkin. Ammo qanday natija qayd etilishidan qat’i nazar, bir haqiqat o‘zgarmaydi: O‘zbekiston milliy terma jamoasi allaqachon mamlakat sporti tarixidagi eng muhim sahifalardan birini yozib bo‘lgan. Jahon chempionati esa bu hikoyaning yakuni emas, balki uning navbatdagi bobidir. 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing