“Asr qurilishi”: Qambarota GES-1 qurilishini tezlashtirish kerak! – Shavkat Mirziyoyev
Jamiyat
−
31 iyul 4416 4 daqiqa
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘izistonga davlat tashrifi doirasida Qirg‘iziston Energetika vaziri Oltinbek Risbekov bilan uchrashuvda Qambarota GES-1 qurilishi loyihasini jadallashtirish zarurligini ta’kidladi. Bu haqda Qirg‘iziston Prezidenti matbuot xizmati va “Tazabek” xabar berdi.
Kecha, 30 iyul kuni Cho‘lponota shahridagi “Ruh Ordo” madaniy markazida bo‘lib o‘tgan rasmiy kutib olish marosimida Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari a’zolari bilan tanishdi. Davlat rahbarlari Qirg‘iziston hukumati va davlat idoralari rahbarlari bilan qisqa muloqotlar o‘tkazdi.
Qayd etilishicha, Qirg‘iziston Energetika vaziri Oltinbek Risbekov bilan suhbat chog‘ida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda yangi Energetika vaziri tayinlanganini aytib, ikki mamlakat energetika sohalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada faollashtirish lozimligini bildirgan.
“Menda yangi energetika vaziri – Sherzod Xo‘jayev. U bilan birga ishlashingiz kerak. U juda kamtar, sohaning mutaxassisi. Qambarotani tezlashtirish kerak”, degan davlat rahbari.
Mazkur bayonot Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi davlat tashrifi doirasida imzolangan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma fonida yangradi. Davlat rahbarlari muzokaralar yakunlari doirasida Qambarota GES-1 qurilishi bo‘yicha uch tomonlama hukumatlararo bitimni tezroq imzolash, shuningdek, loyihani amaliy bosqichga o‘tkazish yuzasidan sa’y-harakatlarni faollashtirishga kelishib olgan.
Prezidentlar, shuningdek, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li loyihasi bo‘ylab savdo-logistika infratuzilmasini birgalikda rivojlantirish, energetika, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi hamda xomashyo resurslarini qo‘shma o‘zlashtirish sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ham kelishuvga erishganini ma’lum qilgan.
Muzokaralar chog‘ida Sadir Japarov Qambarota GES-1 hamda “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘lini ikki mamlakat hamkorligining eng muhim strategik loyihalari sifatida baholagan. Uning ta’kidlashicha, mazkur tashabbuslar nafaqat Qirg‘iziston va O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyoning transport-logistika va energetika salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Shavkat Mirziyoyev esa “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘lini “asr qurilishi” deb atab, u mintaqaning geoiqtisodiy qiyofasini tubdan o‘zgartirishga qodir ekanini bildirgan. O‘zbekiston yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, mazkur temir yo‘l Osiyo va Yevropa o‘rtasida yangi tranzit yo‘lagini shakllantirib, butun mintaqa iqtisodiyoti uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Qambarota GES-1 haqida
Qambarota GES-1 Markaziy Osiyodagi eng yirik gidroenergetika loyihalaridan biri bo‘lib, Qirg‘izistonning To‘qtog‘ul tumanida, Qambarota GES-2’dan taxminan 9 kilometr yuqori oqimda va Norin daryosidagi To‘qtog‘ul GES to‘g‘onidan 75 kilometr masofada quriladi.
SMEC ma’lumotlariga ko‘ra, stansiyaning o‘rnatilgan quvvati 1 880 mVtni, o‘rtacha yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi esa taxminan 6 milliard kVt/soatni tashkil etadi. Bu Qirg‘izistonda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini hozirgi darajaga nisbatan uchdan bir qismdan ko‘proq oshirish imkonini beradi. Loyihaga muvofiq, to‘g‘on balandligi 260,8 metr, suv omborining to‘liq hajmi esa 5,4 milliard kub metr bo‘ladi.
2024 yil 11 iyunda Vena shahrida Qirg‘iziston, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida Qambarota GES-1 qurilishi va undan foydalanish loyihasini tayyorlash bo‘yicha idoralararo bitim imzolangan. Dastlabki kelishuvlarga ko‘ra, Qirg‘iziston hududida alohida aksiyadorlik jamiyati tashkil etilib, unda qirg‘iz tomoni 34 foiz, Qozog‘iston va O‘zbekiston tomonlari esa 33 foizdan ulushga ega bo‘ladi. Shuningdek, ishlab chiqariladigan elektr energiyasini kafolatli xarid qilish ham nazarda tutilgan.
2025 yil 28 oktyabrda Qirg‘izistonning o‘sha paytdagi energetika vaziri Taalaybek Ibrayev Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston loyihaga har biri 1,5 milliard dollardan, jami 4,5 milliard dollar sarmoya kiritishini ma’lum qilgan edi.
Loyiha bo‘yicha texnik topshiriqlarga ko‘ra, asosiy qurilish ishlarini 2027 yilda boshlash, stansiyani esa 2035 yilga qadar to‘liq ishga tushirish rejalashtirilgan. So‘nggi yillarda Qirg‘iziston davlat byudjeti hisobidan qurilish maydonida avtomobil yo‘li, ko‘prik, podstansiya, ishchilar shaharchasi, tunnel hamda elektr uzatish liniyalarini barpo etish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi.
Live
BarchasiBloger Aziz Hakimov 4 yilga qamaldi
11 avgust