Shavkat Mirziyoyev Oltinko‘ldagi paxta dalasiga bordi

Jamiyat

image

Bugun, 23 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida Oltinko‘l tumanida Shinjon usuli asosida paxta yetishtirish jarayonini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, paxtachilikda Shinjon usulining qo‘llanilishi hosildorlikni sezilarli oshirish bilan birga suv, o‘g‘it va boshqa resurslarni tejash, g‘o‘zani parvarishlash xarajatlarini kamaytirish imkonini bermoqda. Paxta yetishtirilayotgan “Agroklaster Oltinko‘l” korxonasining umumiy ekin maydoni 850 gektarni tashkil etadi. Shundan 23 gektarida Shinjon usuli asosida paxta yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan.

Shinjon texnologiyasida chigit plyonka ostiga qo‘sh qatorlab ekiladi. Bu tuproq namligi va haroratini barqaror saqlashga, chigitning erta va bir tekis unib chiqishiga xizmat qiladi. Tomchilatib sug‘orish va oziqlantirish tizimi orqali suv hamda o‘g‘it bevosita g‘o‘za ildiziga yetkaziladi. Natijada ortiqcha sarfning oldi olinib, suv 40 foizgacha, o‘g‘it esa qariyb 30 foizga tejaladi.

An’anaviy usulda bir gektar maydondan o‘rtacha 30-35 sentner paxta olinsa, Shinjon texnologiyasida ushbu ko‘rsatkich 60-70 sentnerga yetadi. Plyonka ostida shakllangan qulay mikroiqlim tufayli hosilni an’anaviy maydonlarga nisbatan 10-15 kun ertaroq yig‘ib olish mumkin. Korxonada agrotexnik tadbirlarning asosiy qismi agrodronlar yordamida bajarilmoqda. Bu maxsus texnikalardan foydalanish ehtiyojini va yoqilg‘i sarfini keskin kamaytirmoqda.

Davlat rahbariga loyihaning natijalari, iqtisodiy samaradorligi va mazkur texnologiyani yanada kengaytirish rejalari haqida axborot berilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing