Alyaskada samolyot muzlagan ko‘lga qulab tushdi
Olam
−
27 mart
5167AQSHning Alyaska shtatida uchuvchi va uning ikki o‘smir qizi Piper PA-12 Super Cruiser yengil bir motorli samolyot qanotida taxminan 12 soat qolib ketdi. Samolyot muz bilan qoplangan Tustumena ko‘liga qulab, qisman suvga botgan. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, samolyot Soldotna shahridan Skilak ko‘liga ekskursiya uchun yo‘lga chiqqan. Unda maxsus mayoqlar o‘rnatilmagan bo‘lib, qidiruv ishlariga ko‘ngillilar jalb qilingan. Joriy yilning 24 mart kuni Jon Morris ijtimoiy tarmoqlarda yordam so‘rab murojaat qilgan, chunki uning o‘g‘li va nabiralari 23 mart kungi reysdan qaytmagan. Qidiruvga qo‘shilganlardan biri Terri Goddes samolyot qoldiqlarini ko‘rib, uning ustida uch kishini payqagan.
Omon qolganlar shifoxonaga yetkazilgan – ular hayotiga xavf solmaydigan jarohatlar olgan. Xabarda ta’kidlanishicha, oila tunab qolgan kechasi havo harorati minus 20 darajagacha pasaygan.
Mazkur samolyot 1981 yilda ishlab chiqarilgan. AQSH Federal Fuqarolik aviatsiyasi boshqarmasi hodisani dvigatel muammosi sababli yuz bergan avariya sifatida tasniflagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiyaning Sen-Dize shahri yaqinida Patrul France’ning ikkita Alpha Jet samolyoti halokatga uchragan edi. Ikki samolyot Sen-Dize shahridagi 113-havo bazasi yaqinida to‘qnashib ketgan. Uchuvchilarning ikkalasi va bir nafar yo‘lovchi o‘z vaqtida katapultatsiya qilib, tirik qolgan.
LiveBarchasi
Trenddagilar



