9 oyda 89 kishi moped va skuterlar ishtirokidagi YTHlarda qurbon bo‘ldi (video)
3-sahifa
−
20:04 849 2 daqiqa
O‘zbekistonda joriy yilning 9 oyida 89 kishi moped va skuterlar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalarida halok bo‘ldi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2026 yilning o‘tgan to‘qqiz oyi mobaynida moped va skuterlar ishtirokida jami 563 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etilgan bo‘lsa, ushbu avariyalarda 488 nafar inson tan jarohatlarini olgan va 89 kishi vafot etgan. Shuningdek, 2025 yil davomida moped va skuter boshqargan shaxslar tomonidan yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq 300 ga yaqin holat aniqlangan bo‘lsa, 2026 yilning o‘tgan davrida mazkur ko‘rsatkich qariyb 20 barobarga ko‘payib, 4312 tani tashkil etgan. 162 ta holatda moped va skuter haydovchilari ham hujjatsiz, ham mast holatda bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, hukumatning 2024 yil 17 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga avtomobil yo‘llarida harakat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 429-son qarori bilan moped va skuterlar uchun alohida davlat raqam belgilari joriy qilingan.
Shuningdek, moped va skuterlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning soddalashtirilgan tartibi joriy qilingan. 2018 yil tasdiqlangan talabga ko‘ra, moped va skuterlarni boshqarish uchun “A” toifali haydovchilik guvohnomasi talab etilgan bo‘lsa, yangi soddalashtirilgan tartibga ko‘ra “A1” kichik toifasi amaliyotga kiritilgan.
Eng yuqori konstruktiv tezligi soatiga 25 kilometrdan oshmaydigan, ish hajmi 25 santimetr kubgacha bo‘lgan ichki yonuv dvigateliga ega bo‘lgan yoki nominal quvvati 0,25 kilovattgacha bo‘lgan kichik hajmli mototransport vositalaridan davlat raqam belgilari talab etilmaydi. Biroq “A1” toifali haydovchilik guvohnomasi bo‘lishi kerak.
Ushbu toifani olish uchun avtomaktablardagi majburiy o‘quv kurslariga bormasdan, imtihonlarga mustaqil tayyorlanish mumkin. “A”, “B”, “C”, “D” singari toifalardan biriga ega shaxs “A1” kichik toifasini olishi shart emas. Bundan tashqari, boshqa toifalar uchun nazariy imtihonlarda 20 ta savoldan 18 ta to‘g‘ri javob talab etilsa, “A1”ni olish uchun 16 ta to‘g‘ri javobning o‘zi yetarli.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro shahrining tarixiy qismida elektroskuter, riksha, moped, 4 g‘ildirakli velosiped, elektrosamokat, karting, shuningdek ot va tuyada harakatlanish cheklanishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi