Hukumat O‘zbekistonga koronavirus kirganini yashiryaptimi? Vazir javob berdi

Jamiyat

image

“Xabaringiz bor, juda ko‘p “feyk”, aholini vahimaga, panikaga soladigan ma’lumotlar keng tarqalmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ham bunga qarshi juda kuchli kurash olib boryapti”, deydi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov ayni daqiqalarda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tayotgan matbuot anjumanida. 

Vazir anjumanda koronavirus bo‘yicha dunyodagi vaziyat haqida ma’lumot berib, O‘zbekiston bu borada yetarli darajada himoyalangani va vaziyat barqaror ekanini ta’kidladi. 

Ma’lumki, so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda koronavirus allaqachon O‘zbekistonga ham kirgani, hatto, Farg‘ona va Toshkentda bemorlar vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Vazirlik bu gap-so‘zlarni rad etdi. Oradan ko‘p o‘tmay, O‘zbekiston Hukumati aholi orasida vahima uyg‘otmaslik uchun koronavirus kirib kelganini yashirayotgani iddao qilindi. Shodmonov matbuot anjumanida bu masalaga nisbatan quyidagicha munosabat bildirdi:

“Bu kasallikni berkitib bo‘lmaydi. Hech bir mamlakat buni berkita olmaydi. Men tizimning rahbari, olim sifatida aytamanki, bu kasallikni berkitishning hech qanday ilojisi yo‘q. Eng yaxshisi, bu kasallikka qarshi ehtiyot choralari, profilaktikani ko‘rib, mamlakatimizga kirib kelishining oldini olishimiz kerak”.

Vazir so‘zida davom etarkan, aholiga qarata murojaat qildi: 

“Xorijga chiqishga ehtiyoj yo‘q bo‘lsa, cheklaylik, bormaylik. Bu juda ko‘p xavf-hatar tug‘diradi”. 

Yangi koronavirus

Xitoyning Xubey provinsiyasi markazi Uxan shahrida o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida yangi virus paydo bo‘ldi. Xitoy Hukumati 31 dekabr kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotini mamlakatda epidemiya boshlangani haqida ogohlantirdi.

JSST yangi koronavirusning dunyoga tarqalishi sababli Jamoat sog‘lig‘i uchun xalqaro xavotirga molik favqulodda vaziyat joriy qildi. Bu insoniyat sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘ilganda e’lon qilinadigan rasmiy maqom hisoblanadi. JSST yangi koronavirusga rasman nom berdi va u COVID-2019 deb ataldi. Virus bugungacha 115 davlatga kirib bordi. Undan halok bo‘lgan 4029 nafarga, kasallanganlar 114 573 nafarga yetdi.

Koronavirus bugungacha qurbonlar soni bo‘yicha 2002 yildagi atipik pnevmoniya (SARS) va 2012 yildan beri Yaqin Sharq respirator sindromini (MERS-CoV) ortda qoldirdi. SARS`dan 8096 nafar odam kasallangan, shulardan 774 nafari (o‘lim darajasi 9,6 foiz) halok bo‘lgan. MERS-CoV virusidan 2494 nafar odam kasallanib, ularning 858 (o‘lim darajasi 34,4 foiz) nafari qurbon bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Alisher Shodmonov koronavirus

Baholaganlar

460

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made