Jizzaxdagi bog‘chalarda ham 30 dan ortiq bola ovqatdan zaharlandi

3-sahifa

image

Jizzax viloyatining Forish tumanida joylashgan 4 ta maktabgacha ta’lim muassasalarida 30 dan ortiq bolalar ommaviy ravishda ovqatdan zaharlandi. Bu haqda tuman hokimligi matbuot xizmati xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, kecha, 9 oktyabr kuni soat 9:00 dan 16:00 ga qadar bo‘lgan vaqt davomida Forish tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 1, 3, 5 va 7-sonli davlat maktabgacha ta’lim muassasalarining 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan 37 nafar tarbiyalanuvchilari isitma ko‘tarilishi, ko‘ngil aynishi, qorin og‘rig‘i, ich ketishi va holsizlik kabi shikoyatlari bilan tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan.

Shifokorlar tomonidan o‘tkazilgan epidemiologik surishtiruv davomida murojaat qilib kelgan bolalar 8 oktyabr kuni maktabgacha ta’lim muassasalarida biokefir, pishloq va sariyog‘ kabi mahsulotlar iste’mol qilgani aniqlanib, ularga anamnez va birinchi tekshiruvlar asosida “o‘tkir diareya” tashxisi qo‘yilib, statsionar ravishda tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Aniqlanishicha, Jizzax viloyati sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasining dastlabki xulosasiga asosan, tumandagi 1, 3, 5 va 7-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ommaviy zaharlanish yuzaga kelishida oziq-ovqat mahsulotlarini tashish, saqlash, ishlov berish jarayonlaridagi sanitariya qoida va normalari buzilgan.

Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan Forish tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining Piskent, Bo‘ka, Oqqo‘rg‘on va Quyi Chirchiq tumanlaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan bolalar ommaviy zaharlangandi. Buning ortidan bir nechta autsorsing xizmatini ko‘rsatuvchi xususiy korxonalarning mas’ul shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi (sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bolalar sog‘lig‘idagi o‘zgarishlarga sifatsiz sut mahsulotlari sabab bo‘lishi mumkinligi haqida aytildi. Maktabgacha ta’lim tashkilotlariga olib borilgan 3,2 foizli kefir mahsuloti Oqqo‘rg‘on tumanidagi sexlarning birida ishlab chiqarilgani aniqlangan.


Maqola muallifi

Teglar

bog'cha Jizzax

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing