JCH–2026. Argentina – Shveysariya: muxlislarni nimalar kutyapti?

Tahlil

image

Amaldagi jahon chempionlari Argentina 12 iyul kuni 2026 yilgi Kanada, AQSH va Meksika mezbonlik qilayotgan jahon chempionati chorak finalida Kanzas-Sitida Shveysariyaga qarshi maydonga tushadi. 

Ikkita og‘ir va mojarolarga boy pley-off o‘yinidan so‘ng Argentina Jahon chempionatining hal qiluvchi bosqichiga yetib keldi. Amaldagi jahon chempionlari guruh bosqichida Lionel Messining to‘xtatib bo‘lmas hujumkor o‘yini evaziga ko‘plab sovrin da’vogarlarini ishonchli mag‘lub etdi.

Biroq kuchsizroq raqiblarga qarshi pley-offdagi ishonchsiz va qiynalib qo‘lga kiritilgan g‘alabalar bir savolni kun tartibiga chiqardi: Argentina haqiqatan ham o‘z chempionlik unvonini saqlab qola oladimi?

Ikki karra jahon chempionlarining navbatdagi raqibi – so‘nggi 72 yil ichida ilk bor chorak finalga chiqqan Shveysariya. Breel Embolo va Yoxan Manzambi dueti shveysariyalik muxlislar qalbini zabt etdi. Toshkent vaqti bilan ertaga tong sahar soat 6:00 da boshlanadigan bahs ular uchun 2014 yilgi Jahon chempionatida Argentinadan qabul qilingan mag‘lubiyat uchun revansh olish imkoniyatini ham taqdim etadi.

Argentina va Shveysariya chorak finalga qanday yetib keldi?

Argentina birinchi bosqichda Avstriya, Iordaniya va Jazoirni mag‘lub etib, “J” guruhida birinchi o‘rinni egalladi. 1/32 finalda Kabo-Verdega qarshi bahsda qo‘shimcha vaqtda 3:2 hisobida g‘alaba qozondi. 1/16 finalda esa Misrga qarshi o‘yinda ikki to‘p farqi bilan ortda bora turib, 3:2 hisobida kambekli g‘alaba erishdi. Qayd etish joiz, ushbu uchrashuv hakamlik bo‘yicha bahs-munozaralarga ham sabab bo‘ldi.

Shveysariya esa “B” guruhida mag‘lubiyatsiz ishtirok etib, Kanada hamda Bosniya va Gersegovinani mag‘lub eta oldi. Qatar bilan durang o‘ynadi. Keyin Jazoirni 2:0 hisobida yengdi va Kolumbiyani penaltilar seriyasida 4:3 hisobida mag‘lub etib, 72 yildan buyon ilk marta chorak finalga chiqdi.

Argentina yengilmas emas – Shveysariya bosh murabbiyi

Argentinaning ishonchli boshlangan chempionlik himoyasi asta-sekin murakkab tus olmoqda. Jahon chempionati pley-offida ilk bor ishtirok etayotgan Kabo-Verde amaldagi chempionlarni jiddiy sinovdan o‘tkazdi. Keyingi bahsda esa Argentina Misrga qarshi 0:2 hisobida ortda bora turib, asosiy vaqtga qo‘shib berilgan daqiqalarda vaziyatni o‘zgartirdi. Ushbu uchrashuvdan keyin raqib tomon hakamlarni Argentina foydasiga qaror chiqarganlikda aybladi.

Bu natijalar Argentinani musobaqa favoritlari reytingida to‘rtinchi o‘ringa tushirdi, shuningdek, jamoa FIFA reytingida ham birinchi o‘rindan ikkinchi o‘ringa pasaydi. Bu esa, tabiiyki Shveysariyaga ishonch uyg‘otdi.

“Biz amaldagi jahon chempionlariga qarshi o‘ynaymiz va bu noyob imkoniyat. Shu bilan birga, Argentina yengilmas jamoa emasligini ham ko‘rdik”, dedi Shveysariya bosh murabbiyi Murat Yakin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu bahs taktik jihatdan juda qiziqarli bo‘ladi.

Qariya Messi JCH sur’atiga dosh bera oladimi?

39 yoshida, aksariyat futbolchilar faoliyatini yakunlagan paytda, Lionel Messi yosh faqat raqam ekanini isbotlashda davom etmoqda. Oltinchi va ehtimol faoliyatidagi so‘nggi jahon chempionatida ishtirok etayotgan Messi Argentinaning o‘tgan barcha besh o‘yinida gol urdi.

Messi turnirdagi hozirgacha urgan sakkizta goli bilan “Oltin butsa” poygasida Fransiyaning 27 yoshli hujumchisi Kilian Mbappe bilan bir xil natija qayd etib turibdi. Mbappe ham sakkizta gol urgan, ammo bitta ko‘proq o‘yin o‘tkazgani va assistlar bo‘yicha ustunligi tufayli hozircha qariya Leodan oldinda bormoqda.

Messi avvalgidek jismoniy jihatdan eng yuqori darajada bo‘lmasa-da, hali ham Argentinaning asosiy gol urish yukini o‘z zimmasiga olgan. U 1/16 finalda jamoasini erta chiqib ketishdan gol va golli uzatma bilan qutqarib qoldi. O‘sha uchrashuvdan keyin u his-tuyg‘ularini yashira olmay yig‘lab yubordi va Jahon chempionatidagi sayohati davom etishini juda xohlaganini aytdi.

Biroq Kabo-Verdega qarshi 120 daqiqa harakat qilgani va Misrga qarshi og‘ir bahsdan keyin charchaganini tan olgan Messining organizmi musobaqaning yuqori sur’atiga qarshi kurashmoqda. Musobaqa hal qiluvchi bosqichga kirgan sari xato qilish imkoniyati kamayadi. Savol shundaki, yosh omillari endi o‘z ta’sirini ko‘rsatadimi?

Superkompyuter bashorati

Opta superkompyuteri hisob-kitoblariga ko‘ra:

  • Argentinaning asosiy vaqtda g‘alaba qozonish ehtimoli – 57,1%;
  • Shveysariyaning g‘alaba qozonish ehtimoli – 18,7%;
  • O‘yinning qo‘shimcha vaqtgacha yetib borish ehtimoli – 24,2%.

Argentina barcha musobaqalardagi so‘nggi oltita o‘yinining barchasida g‘alaba qozondi. Bu davrda jamoa 17 ta gol urdi va beshta gol o‘tkazib yubordi. Oltita uchrashuvning beshtasida hisobni birinchi bo‘lib ochdi. Shuningdek, birinchi bo‘limlarda oltita gol urgan bo‘lsa, raqiblar faqat bir marta birinchi taymda gol urishga muvaffaq bo‘lgan. 

Shveysariya esa so‘nggi oltita o‘yinda uchta g‘alaba va uchta durang qayd etdi. Bu uchrashuvlarda jamoa 10 ta gol urib, to‘rtta gol o‘tkazib yubordi hamda olti o‘yinning beshtasida hisobni birinchi bo‘lib ochdi. Shveysariya birinchi bo‘limlarda uchta gol urgan, raqiblar esa bu vaqt oralig‘ida birorta ham gol ura olmagan. 

Jamoalar o‘zaro yetti marta to‘qnash kelgan. Ularning 5 tasida Argentina zafar quchgan bo‘lsa, 2 ta bahs durang bilan yakunlangan. Shveysariya hali Argentinani mag‘lub eta olmagan. Bu safar shveysarlar qora statistikani buzolarmikan, buni tongda bilib olamiz.

Shuningdek, jahon chempionatlarida ham Argentina o‘zaro to‘qnash kelganda ikki marta g‘alaba qozongan:

  • 1966 yil – 2:0;
  • 2014 yil 1/8 final – 1:0.

Bu ikki jamoaning rasmiy musobaqadagi so‘nggi uchrashuvi ham aynan 2014 yilda bo‘lgan. O‘sha bahsda qatnashgan futbolchilardan faqat uch nafari – Lionel Messi, Granit Jaka, Rikardo Rodriges hozir ham jamoalari safida qolgan.

Argentina o‘yinga favorit sifatida chiqadi, biroq Shveysariya bu Jahon chempionatida intizomli o‘yini va mustahkam himoyasi bilan ko‘pchilikni hayratda qoldirdi. Lionel Messi yana bir bor jamoasini yetaklashga tayyor bo‘lsa, Shveysariya esa jasorat ko‘rsatishiga to‘g‘ri keladi. 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing