JCH–2026. Ispaniya – Belgiya: favorit sinovi va sensatsiya imkoniyati
Sport
−
10 iyul 4010 3 daqiqa
Bugun, 10 iyul kuni, Toshkent vaqti bilan tungi 00:00 da FIFA Jahon chempionati–2026 chorak finalida Yevropa futbolining ikki kuchli va hujumkor jamoasi – Ispaniya hamda Belgiya o‘zaro to‘qnash keladi. Inglvud shahridagi “SoFay” stadionida bo‘lib o‘tadigan uchrashuv turnirning eng qiziqarli qarama-qarshiliklaridan biri sifatida baholanmoqda.
Ispaniya musobaqada hozirgacha mukammal himoyasi va to‘p nazorati bilan ajralib turibdi. Jamoa beshta o‘yinda birorta ham gol o‘tkazmagan holda to‘qqiz marta raqiblar darvozasini ishg‘ol qildi. Luis de la Fuente shogirdlari ketma-ket to‘rtta g‘alabaga erishdi va so‘nggi 15 uchrashuvdan beri mag‘lubiyat nimaligini bilmayapti.
Belgiya esa hujumdagi samaradorligi bilan e’tiborni tortmoqda. Jamoa beshta bahsda 13 ta gol urdi, ammo o‘z darvozasidan ham besh marta to‘p olib chiqdi. Rudi Garsiya boshchiligidagi jamoa tezkor qarshi hujumlar, qanotlar orqali o‘yin va individual mahoratga tayanib kelyapti.
Statistika ham ikki jamoaning uslubi mutlaqo farq qilishini ko‘rsatadi. Masalan, Ispaniya o‘rtacha 65,4 foiz to‘p nazoratiga ega bo‘lib, uzatmalarining 90,5 foizini aniq bajargan. Ular turnir davomida 93 marta zarba yo‘llab, raqiblariga atigi beshta aniq zarba berishga ruxsat berdi.
Belgiya esa hujumda ancha faolroq. Ular 107 ta zarba yo‘llagan, 32 tasi darvoza tomon aniq borgan. Jamoa driblinglarda ham yuqori ko‘rsatkich qayd etgan bo‘lib, 54 ta muvaffaqiyatli yakkakurash orqali raqib himoyasini muntazam ravishda yorib o‘tmoqda.
Ikki jamoa o‘rtasidagi o‘zaro uchrashuvlar tarixi Ispaniya foydasiga. Ispanlar so‘nggi o‘yinlarda raqibidan bir necha bor ustun kelgan, jumladan, saralash bosqichida 5:0 va 2:1 hisoblarida g‘alaba qozongan. Shu bilan birga, Belgiya ham yirik musobaqalarda Ispaniyani mag‘lub etgan holatlarga ega bo‘lib, o‘zaro raqobat har doim murosasiz kechgan.
Taktik jihatdan bahsning markazida Ispaniyaning to‘p nazorati va qisqa uzatmalarga asoslangan o‘yini hamda Belgiyaning yuqori pressingi va tezkor qarshi hujumlari turadi. Ispaniya raqib yarim maydonida uzatmalarni 88 foizdan ortiq aniqlik bilan bajarayotgan bo‘lsa, Belgiya qanotlar orqali tezlik bilan hujum tashkil qilishni yaxshi uddalaydi.
Shuningdek, standart vaziyatlar ham muhim omilga aylanishi mumkin. Belgiya havodagi kurashlarda va bosh bilan urilgan gollar borasida ustunlikka ega. Ispaniya safida asosiy e’tibor yarim himoyachi Rodriga qaratiladi. U turnirda o‘rtacha 7,72 reyting qayd etib, jamoasining o‘yin sur’atini belgilab bermoqda. Rodri aniq uzatmalari, to‘pni olib qo‘yishdagi samaradorligi va maydon markazidagi nazorati bilan Ispaniyaning eng muhim futbolchilaridan biri sanaladi.
Belgiyada esa Leandro Trossar yetakchi figura hisoblanadi. U turnirda ikki gol va ikki assist muallifi bo‘lgan, shuningdek, 17 ta hal qiluvchi uzatmani amalga oshirgan. Uning tezligi, driblingi va kutilmagan harakatlari Ispaniya himoyasi uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.
Ispaniya ushbu uchrashuvda favorit sifatida maydonga tushsa-da, Belgiyaning hujum salohiyati va tajribali tarkibi har qanday raqibni qiyin ahvolga solishga qodir. Shu bois Inglvuddagi chorak final taktik kurashlarga, yuqori sur’atga va hal qiluvchi daqiqalarga boy bo‘lishi kutilmoqda.
Live
Barchasi