JAR futbolchisi Adamsning o‘limi bo‘yicha tergov boshlandi
Sport
−
14 iyul 1516 2 daqiqa
Janubiy Afrika Respublikasining Keyptaun shahrida politsiya milliy terma jamoa futbolchisi Jeyden Adamsning o‘limi yuzasidan tergov boshladi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
FIFA Jahon chempionati o‘tkazilgan Shimoliy Amerikadan qaytib kelganidan ko‘p o‘tmay 25 yoshli yarim himoyachi Keyptaundagi joylashgan uyida vafot etgan holda topilgan. Janubiy Afrika futbolchilari uyushmasi (SAFPU) joriy yilning 11 iyul kuni uning vafot etganini tasdiqlagan. Hozircha o‘lim sababi rasman ma’lum qilinmagan.
Adams Jahon chempionatida Janubiy Afrika terma jamoasining uchta uchrashuvidan ikkitasida asosiy tarkibda maydonga tushdi. Bu uchrashuvlardan biri Chexiyaga qarshi 1:1 hisobidagi durang bo‘lib, mazkur bahsdan bir kun avval futbolchining buvisi Marianna vafot etgan edi. Shunga qaramay, Adams ushbu o‘yinda ham, Meksikaga qarshi 0:2 hisobida mag‘lub bo‘lgan bahsda ham ilk daqiqalardan maydonda harakat qildi.
Janubiy Koreyaga qarshi 1:0 hisobidagi g‘alabali o‘yinda esa u zaxiradan o‘yinga qo‘shildi. 28 iyun kuni Kanadaga qarshi uchrashuvda Janubiy Afrika terma jamoasi musobaqani tark etgan bo‘lsa-da, Adams bu bahsda maydonga tushmadi.
Futbolchining otasi Xuanito Adams mahalliy telekanallardan biriga bergan intervyusida oila uchun bu yo‘qotish juda og‘ir kechayotganini aytgan.
“Oila bu musibatni yengib o‘tishga qattiq qiynalyapti. Buni qabul qilish oson bo‘lmaydi. Odamlar vaqt o‘tishi bilan yengillashadi deyishadi, ammo unday emas. Inson faqat shu dard bilan yashashni o‘rganadi. Endi kelajak biz uchun nimalar tayyorlab qo‘yganini vaqt ko‘rsatadi.
Butun dunyo Jeydenning vafotiga munosabat bildirmoqda. Bu juda og‘ir. Biz odamlarning uning futboliga va shaxsiga bo‘lgan mehrini ko‘rib turibmiz”, deydi Xuanito Adams.
Jahon chempionatining Angliya – Norvegiya o‘rtasidagi chorak final uchrashuvi oldidan Jeyden Adams xotirasiga bir daqiqalik sukut saqlandi.
Janubiy Afrika Respublikasi sport, san’at va madaniyat vaziri Gayton Makkenzi ham futbolchi xotirasiga ehtirom bildirib, uning professionalligiga yuksak baho berdi.
“Buvisi vafot etganiga qaramay, u milliy terma jamoa uchun maydonga tushishga qaror qildi. Uning kamtarligi, minnatdorligi va Vatani uchun bor kuchini berishga tayyorligi yoshidan ancha ulkan inson ekanini ko‘rsatdi. Janubiy Afrika nafaqat iqtidorli futbolchini, balki yuksak fazilatlarga ega yosh insonni ham yo‘qotdi”, deydi Makkenzi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Malayziyaning Malakka shahrida bo‘lib o‘tgan o‘rtoqlik uchrashuvi vaqtida futbolchi R. Tanesh chaqmoq urishi oqibatida vafot etgandi.
Live
Barchasi