Janubiy Koreya MTJ mamlakatda haqoratlar bilan kutib olindi
Sport
−
30 iyun 78788 1 daqiqa
Janubiy Koreya milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Hong Myon Bo Jahon chempionatidagi muvaffaqiyatsiz ishtirokdan so‘ng vatanga qaytgach, muxlislarning keskin noroziligiga duch keldi. Bu haqda “Yonhap” xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Seul xalqaro aeroportida yuzlab muxlislar murabbiyni kutib olib, jamoaning mundialdagi qoniqarsiz natijalari uchun uni haqorat qilgan. Namoyishchilardan biri baraban olib kelgani sababli aeroport atrofidagi shovqin yanada kuchaygan.
Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda Hong Myon Boga nisbatan tahdidli xabarlar ham tarqaldi. O‘zini AQSH fuqarosi deb tanishtirgan noma’lum shaxs murabbiy Seul aeroportiga yetib kelishi bilan unga nisbatan zo‘ravonlik qilishini yozgan.
Shu munosabat bilan Janubiy Koreya politsiyasi aeroport va boshqa muhim ob’ektlarda xavfsizlik choralarini kuchaytirib, holat yuzasidan tergov boshlagan.
Ma’lumot uchun, Janubiy Koreya terma jamoasi Jahon chempionati guruh bosqichini Meksika va Janubiy Afrikadan keyin uchinchi o‘rinda yakunladi. Biroq bu natija jamoaga pley-off yo‘llanmasini taqdim etmadi va koreyaliklar musobaqa bilan xayrlashdi.
Eslatib o‘tamiz, mundialdagi omadsiz ishtirokdan so‘ng Hong Myon Bo bosh murabbiylik lavozimini tark etishini ma’lum qildi. Terma jamoaning natijalari mamlakatda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Hatto mamlakat Prezidenti Li Chje Myon ham vaziyatga munosabat bildirib, mahalliy futbol federatsiyasi faoliyati va jamoaning muvaffaqiyatsizligi sabablarini chuqur o‘rganishga chaqirgan edi.
Live
Barchasi