Zelenskiy yana Oq uyda. Ukraina Tomahawk’dan quruq qoldi

Olam

image

Kecha, 17 oktyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Oq uyda uchrashib, Ukrainadagi urush va uni to‘xtatish yo‘llarini muhokama qildi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Uchrashuv boshida Zelenskiy Trampni Yaqin Sharqdagi mojaroni yakunlagani bilan tabriklab, uning ishtirokida Ukraina urushi ham tugashiga umid bildirgan. Tramp esa unga javoban Zelenskiyning kostyumini maqtagan.

Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan Budapeshtda uchrashishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Uchrashuv ikki tomonlama shaklda o‘tadi, biroq Tramp Zelenskiy bilan aloqada bo‘lib turishini aytdi.

U, shuningdek, nega aynan Vengriyada uchrashuv o‘tkazishni tanlaganini tushuntirgan. 

“Bu biz yoqtiradigan yetakchi. Bizga Viktor Orban yoqadi – u menga ham, Putinga ham yoqadi. Bu xavfsiz mamlakat. U o‘z ishini juda yaxshi bajarmoqda, o‘z mamlakatini puxta boshqarmoqda. Shu sababli , biz Viktor Orban bilan uchrashamiz – u juda yaxshi mezbon bo‘ladi, deb o‘ylayman”, degan Tramp. 

Uchrashuv chog‘ida AQSH Prezidenti Putin urushni to‘xtatishni xohlayotganini aytib, yana Rossiya tomonining ba’zi harakatlarini maqtashga o‘tgan. 

Tramp, shuningdek, AQSH Ukrainaga Tomahawk raketalarini bermasligini bildirgan. Aytish qiyin emaski, bu Putin bilan o‘tkazilgan suhbatning ta’siri. 

“Bu urushni Tomahawk’siz tugatgan ma’qul. Menimcha, biz bunga juda yaqinmiz”, deya Zelenskiyni hayratda qoldirgan Tramp. 

AQSH yetakchisiga ko‘ra, mojaro tomonlar murosaga borishga tayyor bo‘lsa, tez orada yakunlanadi va shu bilan Ukrana-Rossiyaning urush kitobi ham nihoyasiga yetadi. 

Ne umidlar bilan AQSH yerlariga qadam qo‘ygan Zelenskiy esa Trampga noiloj taklif bildirdi, u Tomahawk’lar evaziga Ukraina dronlarini taklif qilgan.

“Biz ularni ishlab chiqaramiz. AQSHda turli raketalar ko‘p, lekin bizdagidek minglab dronlar yo‘q. Bizda jiddiy dron taklifi bor”, degan u.

Shundan so‘ng, uchrashuvning ochiq qismi yakunlangan. Tramp va Zelenskiy o‘rtasida bo‘lgan qolgan barcha kelishuvlar yopiq eshiklar ortida hal bo‘lgan. 

Qayd etish joiz, Zelenskiy AQSH qurollariga katta umid bog‘lagan edi. U borishidan oldin ham, AQSHga yetib borganida ham Tomahawk haqida juda ko‘p gapirdi, ammo Trampning Putin bilan bo‘lgan 2 soatlik suhbati Zelenskiy oylar davomida umid bog‘lagan quroldan ayirdi. 

Eslatib o‘tamiz, 16 oktyabr kuni Putin Tramp bilan o‘tkazgan suhbatida AQSHning Ukrainaga Tomahawk turidagi qanotli raketalarni yetkazib berish ehtimoli ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarga jiddiy zarar yetkazishi, qolaversa, Ukrainadagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal etish istiqbollariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlagandi. Tramp esa bu borada lom-lim demay ko‘ngan.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Vladimir Zelenskiy Budapesht Tomahawk

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing