Yevropaga kuchli qor bo‘roni yopirildi. Qurbonlar bor (video)
Olam
−
07 yanvar 5787 2 daqiqa
Ayni kunlarda Yevropaning qator mamlakatlarini kuchli qor qoplab olgan va avtomobillar tirbandliklarda qolib ketgan. Yo‘l-transport hodisalari oqibatida bir necha kishi halok bo‘lgan. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, kecha, 6 yanvar kuni Fransiyaning janubi-g‘arbida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari oqibatida 3 kishi halok bo‘lgan, 15 kishi jarohat olgan. Parij atrofida esa yana 2 kishi avtohalokatlarda vafot etgan. Joriy yilning 5 yanvar kuni kechqurun bir haydovchi avtomobili bilan Marna daryosiga tushib ketganidan so‘ng shifoxonada vafot etgan. Yana 1 kishi Fransiya poytaxtining sharqiy qismida yuk mashinasi bilan to‘qnashuv oqibatida halok bo‘lgan. Bosniya poytaxti Sarayevoda esa ayol kishi daraxt shoxi bosib qolishi ortidan hayotdan ko‘z yumgan.
“Euronews” ma’lumotiga ko‘ra, Amsterdamdagi Sxipxol aeroportida bir kun ichida qariyb 600 ta reys bekor qilingan. Bunga uchish-qo‘nish yo‘laklarini tozalash va uchishga tayyor turgan samolyotlarga muzga qarshi ishlov berish zarurati sabab bo‘lgan. Haftaning qolgan kunlarida ham qor yog‘ishi davom etishi kutilmoqda.

Keskin sovuq tufayli Buyuk Britaniyaning shimoliy hududlarida tun davomida harorat minus 12,5 darajagacha tushib ketgan. Qor yog‘ishi temiryo‘l, avtomobil va havo qatnovini izdan chiqargan, yuzlab maktablar yopilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Indoneziyaning Shimoliy Sulavesi orolida suv toshqini oqibatida kamida 14 kishi halok bo‘lgani, yana bir necha odam bedarak yo‘qolgani haqida xabar berilgan edi.