Yevrokomissiya Slovakiyani “xorijiy agentlar” qonuni oqibatlaridan ogohlantirdi
Olam
−
24 iyul
3484Yevropa Komissiyasi, agar Slovakiya xorijdan mablag‘ oluvchi nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) uchun xorijiy agent maqomi to‘g‘risidagi mahalliy qonunni qabul qilishda davom etsa, unga qarshi rasmiy chora ko‘radi. Bu haqda Yevropa komissari Vera Yourova Bryusseldagi matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Agar Slovakiya nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi qonunni qabul qilish borasida Vengriya yo‘lidan borsa, biz zudlik bilan qoidabuzarlikni bartaraf etish tartibini ishga tushiramiz”, deydi u.
Ushbu protsedura Yevropa Komissiyasining Yevropa Ittifoqi davlatlaridan biriga ma’lum bir vaqt oralig‘ida YeI me’yorlarining buzilishini bartaraf etish uchun qonuniy talablarni qo‘yishni o‘z ichiga oladi, ularning bajarilishi Yevrokomissiya tomonidan nazorat qilinadi. Agar bu bajarilmasa, qonunbuzar mamlakatga jarima solish imkoniyati bilan Yevropa sudiga da’vo arizasi kiritiladi.
Slovakiya parlamenti chet eldan yiliga 5000 yevrodan ortiq mablag‘ oladigan har qanday NNTga “chet el ko‘magidagi tashkilot” maqomini beruvchi qonunni ko‘rib chiqmoqda.
Yevropa komissari Yourova o‘tgan yilning dekabr oyida “Demokratiyani himoya qilish paketi” deb nomlangan xorijiy agentlar bo‘yicha umumevropa direktivasining qabul qilinishi tashabbuskorlaridan biridir. Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lmagan davlatlarning manfaatlarini ifodalovchi barcha lobbichilar va tashkilotlarni xorijiy davlatdan olingan barcha to‘lovlarni ko‘rsatgan holda Yevropa Ittifoqining shaffoflik reyestrida ro‘yxatdan o‘tishga majbur qiladi. Direktivaning bir qismi sifatida har bir Yevropa Ittifoqi mamlakati o‘zining milliy shaffoflik registrlarini yaratishi kerak, ammo bu faqat Yevropa Komissiyasi tomonidan qabul qilingan me’yorlar doirasida amalga oshirilishi kerak.
LiveBarchasi