Yevrokomissiya Google’ni qariyb 3 mlrd yevro jarimaga tortdi

Texnologiya

image

Yevrokomissiya Amerikaning Google korporatsiyasini onlayn reklama bozoridagi hukmronlik mavqeini suiiste’mol qilishda ayblamoqda. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, Yevropa komissiyasi (YeK) internet-reklama sohasida raqobat qoidalarini buzganlik uchun Google korporatsiyasiga 2,95 milliard yevro miqdorida jarima solgan. Bryussel ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya ko‘p yillar davomida – 2014 yildan boshlab o‘z xizmatlarini raqobatchilarga zarar yetkazgan holda qo‘llab kelgan, bu esa Yevropa Ittifoqining faoliyati to‘g‘risidagi shartnomaning 102-moddasini buzish hisoblanadi.

Tergov yakunlariga ko‘ra, Google kompaniyasi bozorda hukmronlik mavqeidan foydalanib, o‘z mahsulotlariga ustunlik bergani aniqlangan. Yevrokomissiya, shuningdek, korporatsiyaning biznes modeli manfaatlar to‘qnashuviga olib kelishini qayd etdi: Google bir vaqtning o‘zida reklama joylashtiradi, reklama beruvchilar va internet-maydon egalari o‘rtasida vositachi sifatida qatnashadi hamda o‘zining reklama marketpleysini boshqaradi. Bryussel kompaniyadan o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish amaliyotini to‘xtatishni talab qilgan.

YeK bayonotida keltirilishicha, reklama Google’ning asosiy daromad manbai bo‘lib qolmoqda. Korporatsiya ixtiyorida biznes modelini talablarga moslashtirish rejasini Yevrokomissiyaga taqdim etish uchun 60 kun bor. Nashrning yozishicha, Yevrokomissiya qarori siyosiy oqibatlarga olib keladimi-yo‘qmi, hozircha noma’lum.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil oxirida Rossiya hukumati Google kompaniyasiga 20 detsillion dollar miqdorida jarima solgani haqida xabar berilgandi. Ushbu jarima miqdori esa dunyodagi umumiy pul massasidan ham ortiq hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Google Evrokomissiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing